Shimoliy Koreya yillar davomida xorijga minglab IT mutaxassislarini yuborib, ularni maxfiy rejim ostida G‘arb kompaniyalarida masofaviy ishlashga majbur qilmoqda. Bu haqda BBC xabar bermoqda.
Shimoliy Korealik bir IT mutaxassisi yuzlab soxta shaxsiyatlardan foydalangan holda AQSh va Yevropadagi kompaniyalarda masofaviy ishlagan. Odatda 10 kishilik guruhlarda ishlovchi bu xodimlar oyiga 5,000 AQSh dollarigacha daromad qilgan. Biroq ularning 85 foizi to‘g‘ridan-to‘g‘ri Pxenyanga, rejimni moliyalashtirish uchun yuborilgan.
IT mutaxassislar o‘z shaxsiyatini yashirish uchun dastlab Xitoylik sifatida ko‘rinish berib, boshqa mamlakatlardagi (masalan, Vengriya yoki Turkiya) fuqarolardan hujjat olib, undan keyin Yevropa fuqarolari orqali AQShdagi ish o‘rinlariga murojaat qilganlar.
BMT Xavfsizlik Kengashi 2024-yil mart oyida e’lon qilgan hisobotga ko‘ra, bu sxema har yili Shimoliy Koreyaga 250 milliondan 600 million dollargacha daromad keltiradi. Pandemiya davrida masofaviy ishlar kengaygani bu tizimning rivojlanishiga zamin yaratdi.
Bu operatsiyalar an’anaviy kiberhujumlar — masalan Lazarus Group tomonidan amalga oshirilgan 1.5 milliard dollarlik kripto valyuta o‘g‘riligidan alohida faoliyatdir.
Ish beruvchilar soxta nomzodlarni aniqlashda qiyinchiliklarga duch kelmoqda. AQSh va Yevropa kompaniyalari yuzlab shubhali arizalarni qayd etmoqda. Ayrim hollarda nomzodlar video intervyularda yuzni o‘zgartiruvchi AI texnologiyalaridan foydalangan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!