date

«Uzum Market» raqobat bahsida g‘alaba qozondi

«Uzum Market» raqobat bahsida g‘alaba qozondi

O‘zbekiston Raqobatni muhofaza qilish qo‘mitasi “Uzum Market” MChJ XKning murojaati asosida “YandexGo UB” MChJga nisbatan raqobat qonunchiligi buzilganlik alomatlari bilan ish qo‘zg‘atdi. Qo‘mita o‘tkazgan tekshiruvda “Yandex Market” reklamasida “Uzum Market” brendi bilan chalg‘ituvchi belgilar mavjudligi aniqlangan.

Xususan, reklamada aktrisaning binafsha rang libosi, ilk kadrlar va uzum belgisi “Uzum Market”ning oldingi videolariga o‘xshashligi qayd etilgan. Shuningdek, bosh qahramonning “A, bu marketmi?!” degan savoli tomoshabinda “Uzum Market” haqidagi taassurotni kuchaytirgan, aktrisaning “yo‘q, bu boshqa market” degan javobi esa “Yandex Market” ustunligiga ishora qilgan.

Qo‘mita ushbu holatni “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunning 21-moddasi asosida noto‘g‘ri taqqoslash deb baholadi. Biroq “Uzum Market” tomonidan moddiy zarar yetkazilgani bo‘yicha aniq iqtisodiy dalillar taqdim etilmagani sababli, holat past iqtisodiy ta’sirga ega deb topildi va jarima belgilanmadi.

Shunga qaramay, “YandexGo UB”ga reklama roligini ommaviy axborot vositalaridan bir oy ichida olib tashlash, shuningdek, 14-avgustga qadar Qo‘mitaga tegishli hujjatni taqdim etish majburiyati yuklatildi. Qarordan norozi tomon Apellyatsiya kengashi yoki sudga murojaat qilishi mumkin.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Texno » «Uzum Market» raqobat bahsida g‘alaba qozondi