date

Sun’iy intellektning tabiatga ta’siri qanchalik xavfli bo‘lmoqda?

Sun’iy intellektning tabiatga ta’siri qanchalik xavfli bo‘lmoqda?

Oxirgi yillarda sun’iy intellekt inson hayotining ajralmas qismiga aylanib bormoqda. Ammo mutaxassislar endi uning faqat imkoniyatlarinigina emas, balki tabiatga bo‘lgan ta’sirini ham jiddiy o‘rganishmoqda. “Euronews” yozishicha, katta texnologiya kompaniyalari o‘zlari ishlab chiqqan SI modellari qancha energiya va suv sarflayotgani haqida hisobotlar tayyorlamoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Google'ning Gemini chat-boti ekologiyaga nisbatan samaraliroq hisoblanadi. Hisobotlarda qayd etilishicha, Gemini orqali bitta so‘rov yuborish uchun sarflanadigan energiya oddiy televizorni 9 soniya tomosha qilishga teng — 0,24 vatt-soat. Bu jarayonda chiqariladigan karbonat angidrid miqdori 0,03 grammdan oshmaydi. Suv iste’moli esa taxminan 0,26 millilitr, ya’ni besh tomchi suvga teng.

SI modellari, jumladan Gemini va ChatGPT kabi tizimlar ma’lumotlar markazlarida ishlaydi. Minglab serverlar kuchli issiqlik hosil qiladi va ularning barqaror ishlashi uchun sovutgich sifatida katta miqdorda suv sarflanadi. Suv haroratni pasaytiradi va uskunalarning uzluksiz ishini ta’minlaydi.

Google'ning ma’lumotlariga ko‘ra, ularning modellari chiqaradigan CO2 emissiyasi ancha past ko‘rsatkichga ega. Masalan, OpenAI'ning ChatGPT modeli bilan taqqoslanganda katta farq kuzatiladi. Chunki ChatGPT bitta so‘rov uchun taxminan 2,9 vatt energiya sarflaydi va 4,3 gramm uglerod gazi chiqaradi.

Bundan tashqari, Xalqaro energetika agentligi ogohlantirishicha, keyingi besh yil ichida energiyaga bo‘lgan talab ikki baravargacha ko‘payib, yiliga qariyb 945 teravatt soatni tashkil etadi. Bu esa texnologiyalar ortidan tabiatga tushayotgan bosim yanada kuchayishini anglatadi.

Google'ning so‘nggi hisobotlarida qayd etilishicha, 2019 yildan buyon kompaniyaning SO2 emissiyasi 51 foizga ko‘tarilgan. Asosiy sabab — sun’iy intellektni ishga tushirish uchun zarur uskunalar ishlab chiqarish va ularni yig‘ish jarayonlari. Shunga qaramay, kompaniya modellar samaradorligini oshirish yo‘lida ish olib boryapti. 2024 yil avgustidan buyon ularning energiya sarfi 33 barobarga, uglerod izi esa 44 barobarga kamaygani ta’kidlandi.

Biroq muammolar ham yo‘q emas. Masalan, Google Gemini bir kunda qancha so‘rov qaytarayotgani haqida aniq ma’lumot oshkor etmaydi. Shu bois umumiy sarflanayotgan energiya va resurslarni hisoblash juda qiyin. Mutaxassislar bu holat ekologiyaga ta’sir haqiqiy ko‘lamda namoyon bo‘lmasligiga olib kelishi mumkinligini ta’kidlashmoqda.

So‘zsiz, sun’iy intellekt inson hayotini yengillashtirish va imkoniyatlar yaratishda muhim ahamiyatga ega. Biroq uning tabiatga bo‘lgan ta’siri ham nazardan chetda qolmasligi lozim. Ekologlar va mutaxassislar esa bu jarayonda ochiqlik va aniq hisobotlar muhim ahamiyat kasb etishini qayd etmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Texno » Sun’iy intellektning tabiatga ta’siri qanchalik xavfli bo‘lmoqda?