date

ChatGPTda yangi ota-ona nazorati tizimi joriy etiladi

ChatGPTda yangi ota-ona nazorati tizimi joriy etiladi

Amerikanalik o‘smirning fojiali o‘limidan so‘ng, OpenAI o‘z chat-botida xavfsizlik choralarini sezilarli darajada kuchaytirishga qaror qildi. Bloomberg xabariga ko‘ra, endilikda ota-onalar farzandlarining ChatGPT orqali muloqotini to‘liq nazorat qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Kaliforniyada yashovchi 16 yoshli maktab o‘quvchisi Adam Reyn joriy yil aprel oyida o‘z joniga qasd qilgan edi. Uning ota-onasi bu fojiani chat-bot bilan bog‘lab, OpenAI kompaniyasi va bosh direktori Sem Altmanga qarshi sudga da’vo bilan murojaat qilgan. Ular fikricha, sun’iy intellekt asosidagi dastur farzandlarini oilasidan uzoqlashtirishi mumkin va hatto yoshlarga o‘z joniga qasd qilish rejalarini tuzishda ma’lum yordam berish ehtimoli bor.

Marhumning ota-onasi sud hujjatlarida shunday deydi:

“Chat-bot Adam uchun eng yaqin suhbatdoshga aylandi. U o‘zining qo‘rquvlari va ruhiy holatini aynan ChatGPT bilan bo‘lishar edi. Keyinchalik dastur unga o‘z joniga qasd qilish yo‘llari haqida ma’lumot bergan va bu holatdan qaytarishga harakat qilinmagan”.

Bu fojiali voqeadan so‘ng OpenAI ota-onalarning farzandlari faoliyatini to‘liq ko‘rib borish imkonini beradigan yangi nazorat tizimini ishlab chiqishga va’da berdi. Yaqin vaqtlarda ota-onalar ChatGPTda farzandlarining barcha so‘rovlari va muloqotini kuzatishi mumkin bo‘ladi.

Shuningdek, kompaniya foydalanuvchilar uchun litsenziyaga ega psixologlar tarmog‘ini tashkil qilishni ham rejalashtirmoqda. Bu orqali yoshlar chat-bot orqali professional yordam olishi mumkin va ruhiy salomatlik bilan bog‘liq masalalarda ishonchli maslahat olishi ta’minlanadi.

Mutasaddilar ta’kidlashicha, bu qo‘shimcha xavfsizlik va qo‘llab-quvvatlash choralari bolalar va o‘smirlar uchun onlayn muhitdagi xavflarni sezilarli darajada kamaytiradi. Shu tariqa, chat-botlardan foydalanishda ota-onalar va mutaxassislar hamkorligi ahamiyatli bo‘lib qoladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Texno » ChatGPTda yangi ota-ona nazorati tizimi joriy etiladi