date

iPhone 17 sotib olish uchun o‘zbekistonliklar necha kun mehnat qiladi?

iPhone 17 sotib olish uchun o‘zbekistonliklar necha kun mehnat qiladi?

Tenscope tahlilchilari jahonning turli mamlakatlarida aholi 256 Gb xotiraga ega bazaviy iPhone 17 xarid qilish uchun qancha vaqt ishlashi kerakligini hisoblab chiqdi. Taqqoslash natijalari turli davlatlarda aholi daromadi va yashash darajasi qay darajada farq qilishini yana bir bor yaqqol ko‘rsatdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Yevropaning eng boy mamlakatlaridan biri bo‘lgan Lyuksemburg hamda Shveysariyada yangi Apple smartfonini xarid qilish uchun atigi 3 kun ishlash kifoya qiladi. Shuningdek, AQSH, Belgiya, Daniya, Niderlandiya va Norvegiya kabi davlatlarda ham bu ko‘rsatkich uncha farq qilmaydi – o‘rtacha 4 kunlik mehnat yetarli.

Biroq rivojlanayotgan mamlakatlarda vaziyat keskin boshqacha. Masalan, Hindistonda iPhone 17 sotib olish uchun 160 kun ishga chiqish talab etiladi. Filippinda bu ko‘rsatkich 101 kun, Vetnamda 99 kun, Turkiyada 89 kun va Braziliyada 77 kunni tashkil etadi.

Tahlilchilar O‘zbekiston bo‘yicha aniq hisoblarni keltirmagan. Biroq mavjud ma’lumotlarga asoslanib, taxminiy natija chiqarish mumkin. Unga ko‘ra, 256 Gb xotiraga ega bazaviy iPhone 17 O‘zbekistonda 23-sentyabrdan 1300 AQSH dollari atrofidagi narxda sotuvga chiqishi kutilmoqda.

2025-yilning birinchi yarmi yakunlari bo‘yicha, mamlakatimizda o‘rtacha oylik ish haqi 5 million 982 ming so‘mga teng bo‘ldi. Bu taxminan 480 dollarga yoki kuniga 16 dollarga to‘g‘ri keladi. Shu hisob-kitobdan kelib chiqib aytish mumkinki, o‘zbekistonliklar orasidagi o‘rtacha ishlovchi inson uchun iPhone 17 xarid qilish kamida 80 kunlik mehnatga to‘g‘ri keladi.

Demak, Yevropada yangi iPhone’ni bir haftaga yetmas vaqtda qo‘lga kiritish mumkin bo‘lsa, O‘zbekistonda aksariyat kishilar uchun bu qurilmaga ega bo‘lish ko‘p marta oylik ish haqini yig‘ishni talab etadi. Bu esa mamlakatlar orasidagi iqtisodiy imkoniyatlar va turmush darajasidagi katta tafovutni yana bir bor ko‘rsatadi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Texno » iPhone 17 sotib olish uchun o‘zbekistonliklar necha kun mehnat qiladi?