
Onlayn tanishuv allaqachon murakkabdek tuyulardi, endi esa sun’iy intellekt uni yanada chalkashtirib qo‘ymoqda. Foydalanuvchilar tobora ko‘proq odam emas, balki neyron tarmoqlar tomonidan tuzilgan “ideal” jumlalar bilan suhbatlashayotganini anglayapti.
Masalan, hindistonlik 27 yoshli Vindya Tajeshvar Hinge orqali yozishar ekan, xabarlar haddan tashqari rasmiy va sun’iy bo‘lib ko‘ringani uchun u AI ishtirokini sezgan. U yolg‘iz emas: ko‘plab foydalanuvchilar endi muloqotda uchinchi tomon sifatida AI “aralashib” borayotganidan xavotirda.
Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, yolg‘izlarning qariyb to‘rtdan biri tanishuv ilovalarida allaqachon AI yordamidan foydalanmoqda. Ayniqsa Z avlodi faol – bu guruhning yarmiga yaqini texnologiyaga tayanishini tan olgan.
Ba’zilar buni qulaylik sifatida qabul qiladi. Masalan, biznes-maslahatchi Vendi Anderson uning ChatGPT yordamida yaratilgan profili yanada jonli va samimiy chiqqanini aytadi. Ammo boshqalar fikricha, bu yondashuv eng muhim omil – haqiqiylikni yo‘qotadi. Axir, kichik xatolar, noqulay pauzalar yoki oddiy kulgichlar ham suhbatni tabiiy qiladi.
Shu bilan birga, ayrim kompaniyalar bundan ham oldinga qadam qo‘ymoqda: yangi xizmatlar AI nafaqat bio yaratishga, balki mos sherik topish va uchrashuvni bron qilishga ham yordam berishini va’da qilmoqda. Mutasaddilar algoritmlar odamlarni o‘zlaridan ko‘ra yaxshiroq “tushunadi” deya ishonmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!