Albaniya hukumati tarkibida ilk bor vazir darajasiga tayinlangan sun’iy intellekt — bot Diella parlamentda o‘zining dastlabki chiqishi bilan ishtirok etdi. Yangi tayinlangan «vazir» ekran orqali deputatlar oldiga milliy alban libosidagi ayol qiyofasida namoyon bo‘ldi va uch daqiqalik murojaati davomida barchaga konstitutsiyaning asosiy tamoyillarini eslatdi, deb yozdi AP.
Diella nutqida xalqqa xizmat qilishga mo‘ljallangan institutlar haqida gapirib, qonun hech qachon insonning xromosomasi, qoni yoki jismoniy mavjudligi haqida emas, balki mas’uliyat, hisobdorlik, shaffoflik va barcha fuqarolar uchun teng imkoniyatlar haqida so‘z yuritishini ta’kidladi. U shuningdek, o‘zining bu qadriyatlarni «har qanday inson hamkasbidan kam emas, balki ayrim hollarda undan ham ko‘proq darajada ifoda eta olishini» qayd etdi.
Shu bilan birga, sun’iy intellekt vaziri o‘z vazifasini odamlarning ishini egallash deb emas, balki ularga qo‘llab-quvvatlovchi va yordamchi mexanizm sifatida talqin qilishini bildirdi.
Ma’lumot uchun, dunyodagi birinchi sun’iy intellekt vaziri sifatida Diella o‘tgan hafta Albaniya bosh vaziri Edi Rama tomonidan jamoatchilikka taqdim etilgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, alban tilida «quyosh» ma’nosini anglatuvchi Diella davlat xaridlari sohasi uchun javobgar bo‘ladi. Rejaga ko‘ra, davlat xaridlarining butun jarayoni bosqichma-bosqich sun’iy intellekt nazoratiga o‘tkaziladi.
Albaniyaning bu qadami nafaqat mamlakat tarixida, balki butun dunyoda davlat boshqaruviga yangi bosqich sifatida kirib kelishi bilan e’tibor qozonmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!