Meditsina olamida yangi qadam tashlandi — olimlar inson organizmida kelajakda paydo bo‘lishi mumkin bo‘lgan kasalliklarni oldindan bashorat qila oladigan sun’iy intellekt modelini yaratishdi. Delphi-2M deb nomlangan mazkur dastur tibbiy ma’lumotlarni tahlil qilib, mingdan ziyod kasalliklar xavfini hisoblay oladi. Olimlarning ta’kidlashicha, u inson salomatligida kuzatilishi mumkin bo‘lgan muammolarni hatto o‘n yil oldindan aniqlab berishi mumkin.
Model qanday ishlaydi?
Delphi-2M sun’iy intellekti anonim tibbiy yozuvlar asosida o‘qitilgan. U shifoxona qaydlari, shifokor yozuvlari va bemorlarning kundalik odatlarini tahlil qiladi. Masalan, chekishi yoki turmush tarzi bilan bog‘liq ma’lumotlar ham uning hisob-kitoblarida muhim ahamiyatga ega.
Dastur ob-havo prognoziga o‘xshash usulda ishlaydi: qanday qilib “ertaga yomg‘ir yog‘ishi mumkin” deyilsa, Delphi-2M ham “falon kasallik yuzaga kelish ehtimoli bor” degan xulosaga keladi.
Tekshiruv va sinov natijalari
Avval boshda model Buyuk Britaniyadagi UK Biobank loyihasining 400 mingdan ziyod ishtirokchilari ma’lumotlari bilan o‘qitildi. Keyinchalik Daniyada 1,9 million odamning tibbiy yozuvlari orqali sinab ko‘rildi. Natijalar shuni ko‘rsatdiki, dastur prognoz qilgan ko‘rsatkichlar amalda ham mos kelgan.
Delphi-2M ayniqsa diabet, yurak xuruji va sepsis kabi xavfli kasalliklarni oldindan aniqlashda yuqori samara ko‘rsatdi. Biroq, turli tasodifiy infeksiyalarni prognoz qilishda uning imkoniyatlari cheklangan.
Tibbiyot uchun ahamiyati
Mutaxassislar ta’kidlashicha, bunday sun’iy intellekt kelajakda shifokorlarga katta yordam beradi. Agar bemorda muayyan kasallikka moyillik aniqlansa, shifokor unga turmush tarzini o‘zgartirish yoki dori vositalarini oldindan tavsiya qilishi mumkin bo‘ladi. Masalan, jigar kasalliklari xavfi yuqori bo‘lgan shaxsga spirtli ichimlikdan tiyilish kerakligi aytiladi.
Shu bilan birga, texnologiya butun sog‘liqni saqlash tizimi uchun strategik ahamiyatga ega. Undan foydalanib, qaysi hududda qancha bemor bo‘lishi mumkinligi hisoblanadi va shu asosda shifoxonalar sig‘imi ham oldindan rejalashtiriladi.
Olimlar fikri
Germaniya Saraton tadqiqot markazi (DKFZ) sun’iy intellekt bo‘limi rahbari professor Morits Gerstung bu dasturni “inson salomatligini anglashda yangi davr boshlanishi” deb atadi. Uning aytishicha, kelajakda Delphi-2M kabi modellar har bir bemor uchun individual davolash rejasi tuzish imkonini beradi.
Yana qanday rivojlantiriladi?
Hozircha model asosan 40–70 yoshdagi odamlar ma’lumotlari asosida o‘qitilgani uchun uni turli yoshdagi bemorlar uchun qo‘llash imkoniyatlari cheklangan. Shuning uchun olimlar uni yanada takomillashtirish va qo‘shimcha ma’lumotlar — qon tahlillari, genetik ma’lumotlar va tasvirlar bilan boyitish ustida ish olib bormoqda.
Tadqiqotning to‘liq natijalari Nature jurnalida chop etilgan bo‘lib, u Yevropa molekulyar biologiya laboratoriyasi, Germaniya Saraton tadqiqot markazi hamda Kopengagen universiteti hamkorligida amalga oshirilgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!