date

Inson fikrlarini o‘qiydigan yangi texnologiya namoyish etildi

Inson fikrlarini o‘qiydigan yangi texnologiya namoyish etildi

Inson tafakkuri sirli va cheksiz. Bugunga qadar faqat fantastik asarlardagina uchrab kelgan g‘oya — inson fikrlarini o‘qish imkoni — endi real tadqiqotlarda sinab ko‘rilmoqda. Stenford universiteti olimlari ilk bor insonning ichki nutqini, ya’ni u ovoz chiqarmay o‘ziga qaratgan fikrlarini, maxsus texnologiya yordamida dekodlashga muvaffaq bo‘ldi. Bu haqda Cell jurnalida chop etilgan maqolada ma’lum qilindi.

Tadqiqotda miya-kompyuter interfeysi asosida ishlaydigan yangi usul qo‘llanildi. U neyron faollik signallarini tahlil qilib, ularni matn ko‘rinishiga aylantira oladi. Ta’kidlanishicha, bu tizim 74 foiz aniqlik bilan inson niyati va ichki nutqini ochib berishga qodir.

Eksperimentda og‘ir falaj holatidagi to‘rt nafar bemor ishtirok etdi. Ularga nutq faoliyatini boshqaruvchi miya qismiga mikroelektrodli implantlar o‘rnatildi. Natijada, qurilma bemorlarning aytmoqchi bo‘lgan so‘zlarini yoki hatto faqat aqldan o‘tkazilgan iboralarini yuqori aniqlik bilan matnga aylantira oldi. Olimlar hatto oddiy hisoblash jarayonida odam ongida hosil bo‘lgan raqamlar ketma-ketligini ham dekodlash mumkinligini ta’kidlashdi.

Qurilmaning xavfsizlik jihatlari ham e’tibordan chetda qolmadi. Maxfiylikni ta’minlash maqsadida uni faqat maxsus “aqliy parol” orqali faollashtirish imkoni yaratilgan. Bu usul 98 foizdan ortiq aniqlik bilan ish bergani qayd etildi.

Mutaxassislar fikricha, bu texnologiya hali to‘liq amaliy qo‘llanishga tayyor emas. Biroq kelgusida nutq imkoniyati cheklangan yoki og‘ir kasallik sababli muloqotdan mahrum bo‘lgan insonlar uchun haqiqiy imkoniyat eshigini ochishi mumkin. Olimlar bu boradagi ishlarni davom ettirishni va tizimni yanada takomillashtirishni maqsad qilgan.

Shu tariqa, ilm-fan yana bir bor inson ongining eng chuqur qatlamlariga nazar tashlash imkonini berdi. Bugun fantastikadek tuyulgan g‘oyalar ertaga butunlay yangi muloqot davrini boshlab berishi ehtimoldan xoli emas.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Texno » Inson fikrlarini o‘qiydigan yangi texnologiya namoyish etildi