Apple bosh direktorining 2025-yilgi daromadi e’lon qilindi

Apple kompaniyasi bosh direktori Tim Kuk 2025-yilda jami 74,3 million dollar daromad oldi. Bu 2024-yilgi 74,6 million dollarga nisbatan biroz past. Ma’lumot kompaniyaning yillik hisobotida keltirilgan.
Tim Kukning asosiy maoshi 3 million dollar bo‘lib, o‘tgan yilgi darajada qoldi. Daromadning katta qismi 57,5 million dollarlik aksiyalar va kompaniya natijalariga bog‘liq 12 million dollarlik bonuslardan iborat. Shuningdek, u 1,76 million dollar boshqa xarajatlar – xavfsizlik, aviaqatnovlar, sug‘urta va pensiya uchun olgan.
Apple kompaniyasi Tim Kuk uchun 59 million dollar miqdorida daromad belgilagan bo‘lsa-da, kompaniya natijalariga bog‘liq bonuslar hisobiga amaldagi daromadi bu ko‘rsatkichdan oshgan.
Kompaniyaning boshqa yuqori rahbarlari ham katta daromad oldi. Operatsion direktor Sabih Xon, chakana savdo va kadrlar bo‘yicha rahbar Deyrdre O’Brayen va bosh yurist Keyt Adams har biri taxminan 27 million dollar oldi. Moliyaviy bo‘lim rahbarlari esa 15,5 milliondan 22,5 million dollargacha daromad qilgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!