Siri muammosi Apple qurilmalari taqdimotiga to'sqinlik qilmoqda

Apple kompaniyasi o'zining yangi HomePod mini va Apple TV qurilmalari taqdimotini noma'lum muddatga qoldirdi. Dastlab ushbu gadjetlar o'tgan yilning oxirida namoyish etilishi kutilgan edi, biroq rejalarga o'zgartirish kiritildi. Mutaxassislarning fikricha, bunga asosiy sabab — ovozli yordamchi Siri'ning yangi versiyasidagi texnik kamchiliklardir. Bu haqda wylsa.com xabar beradi.
Kompaniya Siri'ni yanada aqlli va foydalanuvchilar uchun qulayroq qilish ustida ishlamoqda. Xususan, sun'iy intellekt imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida Google'ning Gemini texnologiyasidan foydalanish rejalashtirilgan. Bloomberg tahlilchisi Mark Gurman ta'kidlashicha, mazkur yangilanishlar iOS 26.5 yoki iOS 27 tizimlari bilan birga sentyabr oyida taqdim etilishi mumkin. Shu sababli, yangi avlod HomePod va Apple TV qurilmalarini ham kuzgacha kutishga to'g'ri keladi.
Eslatib o'tamiz, Apple TV oxirgi marta 2022-yilda, HomePod mini esa 2020-yilda yangilangan edi. Foydalanuvchilar nafaqat ushbu qurilmalarni, balki kompaniyaning yangi aqlli uy markazini ham intiqlik bilan kutishmoqda. Hozircha Apple rasmiy vakillari yangi mahsulotlar taqdimoti bo'yicha aniq sanalarni ochiqlamadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!