Qwen loyihasi rahbari kutilmaganda Alibaba'ni tark etdi

Xitoyning texnologiya giganti Alibaba kompaniyasida kutilmagan kadrlar almashinuvi yuz berdi. Kompaniyaning suniy intellekt yo'nalishidagi muhim loyihalaridan biri bo'lgan Qwen modellarini ishlab chiqishga mas'ul bo'lgan yetakchi mutaxassislardan biri Junyang Lin o'z lavozimini tark etdi. Ushbu xabar kompaniyaning yangi Qwen 3.5 kichik modellarini taqdim etganidan ko'p o'tmay e'lon qilindi. Bu haqda 3dnews.ru xabar beradi.
Junyang Lin 2019-yildan buyon Alibaba jamoasida faoliyat yuritib kelayotgan edi, 2023-yil aprel oyidan esa aynan Qwen bo'limiga rahbarlik qila boshlagandi. Uning ketishi hamkasblari va soha mutaxassislari orasida katta shov-shuvga sabab bo'ldi. Hatto loyiha ishtirokchilaridan biri Chen Cheng ijtimoiy tarmoqlarda bu yangilikdan qattiq qayg'uda ekanligini bildirib, Linning ketishi uning shaxsiy tanlovi bo'lmagan bo'lishi mumkinligiga ishora qildi.
Alibaba'ning Qwen modellari bugungi kunda suniy intellekt sohasida eng istiqbolli loyihalardan biri hisoblanadi. Hatto Ilon Mask ham ushbu kichik modellarning yuqori samaradorligini va ulardagi "intellekt zichligini" alohida e'tirof etgan edi. Kompaniya OpenAI, Google va Anthropic kabi global raqobatchilar bilan kurashayotgan bir paytda yuz bergan bu o'zgarish ko'pchilikda savollar uyg'otmoqda. Hozircha Alibaba rahbariyati yoki Junyang Linning o'zi mazkur holat yuzasidan rasmiy izoh bermadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!