O‘zbekistonda operatorlar oddiy ovozli tariflar taklif qiladi

O‘zbekistonda mobil aloqa operatorlari uchun faqat ovozli qo‘ng‘iroq va SMS xizmatlarini o‘z ichiga olgan alohida tariflarni taqdim etish majburiy bo‘lishi mumkin. Bu haqda Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan hukumat qarori loyihasi maʼlum qildi.
Loyihaga ko‘ra, mazkur talab telekommunikatsiya sohasidagi litsenziya shartlariga kiritilishi rejalashtirilmoqda. Yaʼni, operatorlar internet trafigiga bog‘liq tariflardan tashqari, oddiy va arzon ovozli paketlarni ham foydalanuvchilar uchun taqdim etishlari shart bo‘ladi.
Hozirgi vaqtda ko‘pchilik tariflar internetni ham o‘z ichiga oladi, bu esa baʼzi abonentlar uchun ortiqcha xarajatlar keltirishi va ularning tanlov imkoniyatlarini cheklashi mumkin. Oddiy ovozli tariflar esa foydalanuvchilarga tanlovda erkinlik va moliyaviy tejamkorlikni taʼminlaydi.
Loyiha doirasida yana bir muhim yangilik sifatida tarif nomlarida oylik to‘lov miqdoriga mos raqamlardan foydalanish taqiqlanishi taklif qilinmoqda. Bu abonentlarning chalg‘itilishini oldini olish va tarif nomi bilan uning aslidagi narxi o‘rtasidagi farqni bartaraf etish maqsadida qilinmoqda.
Shu tariqa, yangi qoida ishga kirganda, abonentlar uchun oddiy, tushunarli va internetsiz tariflar ham imkoniyat doirasidan o‘rin oladi, bu esa mobil aloqa xizmatlarini yana-da qulay va shaffof qiladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!