Daemon Tools dasturiga xitoylik xakerlar tomonidan zararli kod joylandi

Kaspersky kiberxavfsizlik kompaniyasi mutaxassislari Windows operatsion tizimi uchun mo‘ljallangan mashhur Daemon Tools dasturida zararli «bekdor» (backdoor) aniqlanganini ma’lum qildi. Ushbu kiberhujum butun dunyo bo‘ylab minglab kompyuterlarga ta’sir ko‘rsatgan bo‘lib, u ta’minot zanjiri orqali amalga oshirilgan. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, hujum ortida xitoy tilida so‘zlashuvchi xakerlar guruhi turibdi. Ular ushbu dasturiy ta’minot orqali Rossiya, Belarus va Tailanddagi chakana savdo, ilmiy tadqiqot, ishlab chiqarish va davlat tizimlariga tegishli kompyuterlarga qo‘shimcha zararli dasturlarni o‘rnatishga muvaffaq bo‘lgan.
Kaspersky mutaxassislari ushbu xavf 8-apreldan beri davom etayotganini va hali ham faol ekanligini ta’kidlamoqda. Dastur ishlab chiqaruvchisi bo‘lgan Disc Soft kompaniyasiga xabar berilgan bo‘lsa-da, ularning javob choralari haqida hozircha ma’lumot yo‘q.
So‘nggi oylarda dasturiy ta’minot ishlab chiquvchilariga qaratilgan bunday «ta’minot zanjiri» hujumlari ko‘payib bormoqda. Xakerlar mashhur dasturlarning yangilanishlari orqali bir vaqtning o‘zida minglab foydalanuvchilarning qurilmalariga kirish imkoniyatini qo‘lga kiritishni maqsad qilgan.
VirusTotal xizmati orqali o‘tkazilgan tekshiruvlar Daemon Tools veb-saytidan yuklab olingan o‘rnatish faylida haqiqatan ham zararli kod mavjudligini tasdiqladi. Hozircha macOS versiyasi yoki boshqa dasturlar bu hujumdan zarar ko‘rgan-ko‘rmagani noma’lum.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!