OpenAI yangi avlod sun’iy intellekt smartfonini yaratmoqchi

Dunyodagi yetakchi texnologiya kompaniyalaridan biri — OpenAI o‘zining sun’iy intellektga asoslangan mutlaqo yangi turdagi smartfonini ishlab chiqishni rejalashtirmoqda. Bu haqda mashhur tahlilchi Ming-Chi Kuo X (Twitter) ijtimoiy tarmog‘ida ma’lum qildi.
Uning ta’kidlashicha, mazkur qurilmaning ommaviy ishlab chiqarilishi 2027 yilda yo‘lga qo‘yilishi mumkin. Qisqa vaqt ichida, ya’ni ikki yil davomida, bozorda 30 million donagacha sotilishi kutilmoqda. Bu esa yangi mahsulotga bo‘lgan qiziqish yuqori bo‘lishini anglatadi.
Manbalarga ko‘ra, smartfon uchun asosiy chiplar Tayvanda joylashgan MediaTek kompaniyasi tomonidan yetkazib beriladi. Qurilma maxsus ishlab chiqilgan “Dimensity 9600” flagman protsessori bilan jihozlanadi.
Ushbu chip esa dunyodagi eng yirik yarimo‘tkazgich ishlab chiqaruvchilardan biri bo‘lgan TSMC zavodlarida 2 nanometrli zamonaviy texnologiya asosida ishlab chiqariladi.
Tahlilchilar fikriga ko‘ra, loyihaning asosiy konsepsiyasi — an’anaviy mobil ilovalardan voz kechib, o‘rniga yagona intellektual interfeysga ega bo‘lgan SI-agentni joriy qilishdir. Ya’ni, foydalanuvchi turli dasturlar orasida yurish o‘rniga, bitta universal sun’iy intellekt yordamida barcha vazifalarni bajara oladi.
Mutaxassislar bu borada smartfonni eng maqbul qurilma sifatida baholamoqda. Sababi, u hozirgi kunda eng ommaviy va keng tarqalgan gadjet hisoblanadi. Shuningdek, OpenAI to‘liq quvvatli SI-ekotizim yaratish uchun nafaqat dasturiy ta’minot, balki apparat qism ustidan ham to‘liq nazorat qilishni muhim deb hisoblamoqda. Shu bois kompaniya qurilmani boshidan — “noldan” ishlab chiqishni ma’qul ko‘rgan.
Bundan tashqari, kompaniya boshqa innovatsion apparat loyihalarini ham faol ravishda rivojlantirmoqda. Xususan, o‘tgan yili OpenAI Apple'ning sobiq bosh dizayneri Djoni Ayv tomonidan asos solingan startapni 6,5 milliard dollarga sotib olgan edi. Ushbu startap tomonidan ishlab chiqilayotgan yangi qurilma ixcham, ekransiz formatda bo‘lishi hamda kamera va mikrofonlar orqali atrof-muhit haqida ma’lumot to‘play olishi kutilmoqda.
The Wall Street Journal ma’lumotiga ko‘ra, kompaniya o‘tgan yil oxirida robototexnika va sun’iy intellekt qurilmalari yo‘nalishlarini alohida strukturalarga ajratish imkoniyatini ham ko‘rib chiqqan. Bu orqali tashqi investorlarni jalb qilish rejalashtirilgan edi. Biroq IPO tayyorgarliklari sababli ushbu g‘oya vaqtincha orqaga surilgan.
Umuman olganda, OpenAI tomonidan tayyorlanayotgan yangi avlod smartfoni raqamli texnologiyalar bozorida katta o‘zgarishlarga sabab bo‘lishi mumkin. Agar ushbu loyiha amalga oshsa, u oddiy smartfon tushunchasini butunlay yangi bosqichga olib chiqishi ehtimoldan holi emas.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!