Sug‘urta startapi Corgi 1,3 milliard dollarlik bahoga erishdi

Biznes sug‘urtasi bilan shug‘ullanuvchi Corgi startapi chorshanba kuni TCV boshchiligidagi investitsiya raundida 160 million dollar mablag‘ jalb qilganini e’lon qildi. Ushbu moliyalashtirish natijasida kompaniyaning umumiy qiymati 1,3 milliard dollarga yetdi. Bu haqda startap asoschilaridan biri Niko Laqua LinkedIn sahifasida ma’lum qildi. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Mazkur yutuq kompaniya 108 million dollarlik Series A raundini yakunlaganidan atigi to‘rt oy o‘tib qayd etildi. Shu tariqa, Corgi o‘z faoliyati davomida jami 268 million dollar sarmoya to‘pladi va Y Combinator akseleratorining navbatdagi «yakkashox» (unicorn) kompaniyasiga aylandi.
2024-yilda Niko Laqua va Emili Yuan tomonidan asos solingan startap Y Combinator’ning 2024-yil bahorgi dasturi ishtirokchisi bo‘lgan. Corgi mijozlari qatorida Deel va Artisan kabi yirik kompaniyalar bor. Startap umumiy javobgarlik, kiberxavfsizlik hamda texnologiya va AI bilan bog‘liq sug‘urta xizmatlarini taqdim etadi.
Ushbu investitsiya raundida Kindred Ventures, Leblon Capital va First Order Fund kabi investorlar ham ishtirok etdi. Hozircha Corgi kompaniyasi mazkur moliyaviy yangilik yuzasidan qo‘shimcha izoh berish so‘roviga javob qaytarmadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!