Corgi startapi uch haftada oʻz qiymatini ikki baravarga oshirdi

Sugʻurta texnologiyalari sohasida faoliyat yurituvchi Corgi startapi 106 million dollarlik B1 seriyali investitsiya raundini yakunlaganini eʻlon qildi. Mazkur kelishuvdan soʻng kompaniyaning bozor qiymati 2,6 milliard dollarga yetdi. Eʻtiborlisi, bor-yoʻgʻi uch hafta oldin kompaniya 1,3 milliard dollar qiymat bilan 160 million dollar mablagʻ jalb qilgan edi. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Corgi asosan startaplar uchun kiberxavfsizlik va umumiy javobgarlik kabi yoʻnalishlarda sugʻurta xizmatlarini taqdim etadi. Kompaniya mijozlari orasida Deel va Artisan kabi yirik brendlar bor. Bunday qisqa vaqt ichida kompaniya bahosining ikki baravar oshishi venchur bozorida kam kuzatiladigan holat boʻlib, investorlar orasida turli muhokamalarga sabab boʻlmoqda.
Kindred Ventures investori Kanyi Macqubela ushbu oʻsishni kompaniyaning yuqori surʻatlardagi rivojlanishi bilan izohladi. Biroq, koʻplab cheklangan hamkorlar (LP) bunday "ichki baholash" usullariga shubha bilan qaramoqda. Ularning fikricha, real daromad yoki likvidliksiz qogʻozdagi qiymatning oshishi portfel koʻrsatkichlarini sunʻiy ravishda boʻrttirib koʻrsatishi mumkin.
2024-yilda Emily Yuan va Nico Laqua tomonidan asos solingan Corgi asosan yangi turdagi xatarlarni sugʻurtalashga ixtisoslashgan. Xususan, kompaniya AI tizimlari keltirib chiqaradigan moliyaviy yoʻqotishlar, notoʻgʻri maʻlumot tarqalishi va operatsion nosozliklar kabi holatlarni qoplaydi. Anʻanaviy sugʻurta kompaniyalari koʻpincha bunday xatarlarni oʻz xizmatlariga kiritmaydi.
Nico Laquaʻning soʻzlariga koʻra, sugʻurta sohasi yuqori kapital talab qiladigan sanoat hisoblanadi. Yangi mahsulot liniyalari va hamkorliklarga boʻlgan talabning tez surʻatlarda oʻsishi, shuningdek, AI-native platformasini yaratish xarajatlari ketma-ket investitsiya raundlarini oʻtkazishni taqozo etgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!