Hindistonning Skyroot kosmik startapi 1 milliard dollarlik marrani zabt etdi

Hindistonning Skyroot Aerospace kompaniyasi yangi investitsiya bosqichida 60 million dollar mablag‘ jalb qilib, mamlakatning ilk kosmik «yakkashoxi»ga aylandi. Kompaniyaning bozor qiymati 1,1 milliard dollarga yetdi. Mazkur moliyalashtirish jarayoniga AQShning Sherpalo Ventures fondi va Singapurning GIC davlat fondi yetakchilik qildi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Kompaniyaning asosiy loyihasi Vikram-1 yengil toifadagi raketasi hisoblanadi. Ushbu raketa past Yer orbitasiga 350 kg gacha, quyosh-sinxron orbitasiga esa 260 kg gacha yukni olib chiqish imkoniyatiga ega. Hozirda raketa Hindistonning Satish Dhawan nomidagi kosmodromiga yetkazilgan va yaqin haftalarda ilk parvozini amalga oshirishi kutilmoqda.
Skyroot muvaffaqiyatli moliyalashtirishdan so‘ng ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish hamda yanada kuchliroq bo‘lgan Vikram-2 raketasini yaratishni rejalashtirmoqda. Ushbu yangi vosita 900 kg gacha bo‘lgan yuklarni orbitaga olib chiqishga qodir bo‘lib, uning ilk parvozi 2027-yilga mo‘ljallangan.
Kompaniya asoschisi Pavan Kumar Chandana ushbu qadam nafaqat Hindiston, balki butun jahon kosmik sanoati uchun muhim voqea ekanligini ta’kidladi. Hindiston hukumati so‘nggi yillarda kosmik sektorni liberallashtirish va xususiy tijorat kosmik xizmatlarini rivojlantirishga katta e’tibor qaratmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!