Motorola Edge+ (2023) uchun so‘nggi yirik Android yangilanishi chiqdi

Motorola kompaniyasi o‘zining Motorola Edge+ (2023) smartfoni uchun Android 16 operatsion tizimini tarqatishni boshladi. Yangilanish hajmi 2,3 GB dan ortiq bo‘lib, Reddit foydalanuvchilarining ma’lum qilishicha, proshivka W1TR36H.56-13 raqamli yig‘ilish (build) bilan taqdim etilmoqda. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Yangi versiya foydalanuvchilarga Live Updates, oynalar bilan ishlash uchun Desktop Window rejimi, takomillashtirilgan guruhli bildirishnomalar hamda APV kodek va HDR-skrinshotlarni qo‘llab-quvvatlash kabi qator yangi funksiyalarni taqdim etadi. Shuningdek, tizim sozlamalarida yangi emojilar, eshitish apparatlari uchun kengaytirilgan imkoniyatlar va foydalanuvchi rejimlarini yaratish funksiyasi paydo bo‘ldi.
Motorola Edge+ (2023) uchun bu yangilanish oxirgi yirik Android yangilanishi hisoblanadi. Smartfon bozorga Android 13 bilan chiqqan edi va kompaniya uchta yirik operatsion tizim yangilanishini va’da qilgandi. Shunga qaramay, qurilma hali ma’lum muddat davomida xavfsizlik yamoqlarini (security patches) qabul qilishda davom etadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!