Spotify video podkastlar uchun Apple texnologiyasini joriy etadi

Spotify kompaniyasi Apple Podcasts platformasida video sifatini oshirish uchun ishlab chiqilgan HLS (HTTP Live Streaming) texnologiyasini o‘z tizimiga integratsiya qilishini e’lon qildi. Ushbu yangilik Spotify’da joylashtirilgan podkastlarning Apple platformasida ham oson tarqatilishi va monetizatsiya qilinishiga imkon beradi. Natijada ijodkorlar o‘z kontentini hech qanday qo‘shimcha o‘zgarishlarsiz kengroq auditoriyaga yetkazish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
HLS texnologiyasi internet tezligiga qarab video sifatini real vaqt rejimida avtomatik tarzda moslashtiradi. Bu foydalanuvchilarga Wi-Fi yoki mobil tarmoqdan foydalanishidan qat’i nazar, uzilishlarsiz va yuqori sifatli video tomosha qilish imkonini beradi. Spotify ushbu yangilanishni joriy yil oxirigacha to‘liq ishga tushirishni rejalashtirmoqda.
Shuningdek, Spotify podkast mualliflari uchun daromad olishning yangi usullarini, jumladan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotuvlar va hamkorlik integratsiyalarini taqdim etmoqda. Libsyn, Podigee, Audioboom, Audiomeans va Podspace kabi xosting provayderlaridan foydalanuvchi ijodkorlar endilikda o‘z videolarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri Spotify orqali e’lon qilib, Spotify Partner Program dasturi orqali daromad olishlari mumkin.
2020-yilda video podkastlar yo‘nalishini ishga tushirgan Spotify, bugungi kunda ushbu sohada o‘z mavqeini mustahkamlamoqda. 2025-yil noyabr holatiga ko‘ra, platformada yarim millionga yaqin shou mavjud bo‘lib, 390 milliondan ortiq foydalanuvchi video podkastlarni tomosha qilgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!