Rasman: Yangi avlod Tesla Roadster elektromobili Giga Texas zavodida ishlab chiqariladi

Tesla investorlaridan biri Sawyer Merritt kompaniyaning avtomobillarni loyihalash boʻyicha vitse-prezidenti Lars Moravy va bosh dizayner Franz von Holzhausen ishtirokidagi podkastga tayanib, yangi Roadster ishlab chiqarilishi aynan Texasdagi zavodda yoʻlga qoʻyilishini maʻlum qildi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Giga Texas zavodida Model S va Model X ishlab chiqarish jarayonlari yakunlangach, ushbu korxona toʻrtta asosiy modelni yigʻishga ixtisoslashadi: Model Y, Cybertruck, Cybercab va uzoq kutilgan yangi Roadster. Kompaniya rahbarlari ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish rejalari tayyor ekanligini va yaqin oylarda koʻplab yangiliklar kutilayotganini tasdiqlashdi.
Ushbu qaror Giga Texas zavodini Tesla kompaniyasining yuqori unumdorlikka ega va avtonom boshqariladigan avtomobillarini ishlab chiqaruvchi asosiy markaziga aylantiradi. Yangi Tesla Roadster inqilobiy texnik koʻrsatkichlarga ega boʻlgan elektr superkar boʻlishi kutilmoqda.
Mavjud maʻlumotlarga koʻra, elektromobil uchta motorli kuch qurilmasi va 200 kW·soat sigʻimli akkumulyator bilan jihozlanadi. Bu esa bir quvvatlanishda 1000 km masofani bosib oʻtish imkonini beradi. Eng hayratlanarlisi, avtomobil 100 km/soat tezlikka taxminan bir soniya ichida erishishi aytilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!