Kaspersky Lab Interpolning yangi kiberoperatsiyasida ishtirok etdi

«Kaspersky Lab» Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika mintaqalarida kiberjinoyatchilikka qarshi kurashishga qaratilgan «Ramz» operatsiyasida Interpolni qoʻllab-quvvatladi. Kompaniya matbuot xizmatining xabar berishicha, ushbu hamkorlik doirasida kiberxavflar va tajovuzkorlarning infratuzilmasi haqidagi muhim maʼlumotlar taqdim etilgan. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Mazkur operatsiya natijasida 201 nafar gumonlanuvchi hibsga olindi va noqonuniy faoliyatga aloqador boʻlgan yana 382 kishi aniqlandi. Maʼlumotlarga koʻra, ushbu jinoyatchilarning harakatlaridan qariyb 4 ming kishi jabr koʻrgan. Operatsiya 2025-yilning oktyabridan 2026-yilning fevraligacha davom etib, unda Jazoir, Misr, Iroq, Iordaniya, Qatar, BAA va boshqa jami 13 ta davlat vakillari ishtirok etdi.
Birgalikdagi saʼy-harakatlar tufayli fishing va moliyaviy firibgarlik uchun foydalanilgan serverlar, veb-saytlar va qurilmalar aniqlanib, bloklandi. Bu kabi choralar mintaqadagi raqamli xavfsizlikni taʼminlashda muhim qadam boʻldi.
«Kaspersky Lab» kompaniyasining davlat organlari bilan aloqalar boʻyicha vitse-prezidenti Yuliya Shlichkova taʼkidlashicha, «Ramz» operatsiyasi huquq-tartibot idoralari va xususiy kompaniyalarning birlashishi yirik va murakkab kiberjinoyatchilik tarmoqlarini yoʻq qilish imkonini berishini yana bir bor isbotladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!