Tezlik 1 Tbit/s gacha: Xitoyda 6G tarmoqlari 2030-yilda ishga tushiriladi

Xitoy Sanoat va axborot texnologiyalari vazirligi mamlakatda 6G texnologiyasini rivojlantirishning rasmiy grafigini e’lon qildi. Rejaga koʻra, 6G tarmoqlarini tijoriy maqsadlarda foydalanishga topshirish va jamiyatning barcha jabhalariga joriy etish 2030-yilga moʻljallangan. Ushbu ruxsatnoma bilan tadqiqotlar laboratoriya sinovlaridan real shahar va sanoat ssenariylariga koʻchadi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
2022-yildan 2025-yilgacha boʻlgan davrda Xitoy 6G ning asosiy texnologiyalarini sinovdan oʻtkazishning birinchi bosqichini muvaffaqiyatli yakunladi. Hozirda texnik yechimlarni tekshirishning ikkinchi bosqichi toʻliq hajmda ishga tushirilmoqda. Bu bosqichda barcha turdagi stsenariylarda unumdorlikni tasdiqlash ishlari yakunlanishi kutilmoqda.
Oltinchi avlod mobil aloqa tarmogʻi (6G) 5G bilan solishtirganda sifat jihatidan ulkan sakrash boʻladi. Mutaxassislarning prognozlariga koʻra, ma’lumot uzatish tezligi 100 Gbit/s dan 1 Tbit/s gacha yetishi mumkin. Bu hozirgi 5G tarmoqlaridan taxminan 50-100 baravar tezroq deganidir.
Yangi texnologiya nafaqat tezlik, balki minimal kechikish vaqti bilan ham ajralib turadi — javob qaytarish vaqti mikrosekundlargacha tushadi. Shuningdek, 6G tizimlariga sun’iy intellekt texnologiyalari chuqur integratsiya qilinadi. Eslatib oʻtamiz, avvalroq Janubiy Koreya 6G tarmoqlarini 2028-yilda ishga tushirishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgan edi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!