Vivo S60 va S60 Vitality Edition: 7200 mAs akkumulyator va IP69 himoyasi

Vivo kompaniyasi oʻzining yangi S60 smartfonlar seriyasini rasman taqdim etdi. Vivo S60 Vitality Edition modeli 8/256 GB xotira bilan 430 dollardan, 12/512 GB talqini esa 515 dollardan sotuvga chiqadi. Standart Vivo S60 narxi esa 530 dollardan (12/256 GB) boshlanib, 650 dollargacha (16/512 GB) yetadi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Har ikkala model 1,5K aniqlikdagi va 144 Gs yangilanish chastotasiga ega 6,59 dyuymli tekis ekran bilan jihozlangan. Displeyning PWM chastotasi 4320 Gsni tashkil etib, koʻz charchashining oldini oladi. Qurilmalarning qalinligi 7,92 mm, vazni esa 199 grammga teng. Shuningdek, smartfonlar IP68/IP69 standarti boʻyicha suv va changdan himoyalangan.
Vivo S60 modeli Snapdragon 8s Gen 3 protsessorida ishlaydi va 50 MP asosiy, 8 MP keng burchakli hamda 3 karra optik zumga ega 50 MP Sony IMX882 periskop moduliga ega. Vitality Edition versiyasi esa Dimensity 7500 chipi bilan jihozlangan boʻlib, unda periskop kamera mavjud emas. Har ikki modelda 50 megapikselli avtofokusli selfi-kamera oʻrnatilgan.
Smartfonlarning asosiy oʻziga xosligi 7200 mAs sigʻimli ulkan akkumulyator boʻlib, u 90 vattli tezkor quvvatlashni qoʻllab-quvvatlaydi. Qoʻshimcha funksiyalar qatorida stereodinamiklar, IR-port, kuchli vibromotor va ultratovushli barmoq izi skaneri mavjud. Avvalroq Vivo eski smartfonlar uchun ham yuqori sigʻimli batareyalar oʻrnatish dasturini yoʻlga qoʻyishi haqida xabar berilgan edi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!