NASA rahbari New Glenn raketasi portlashidan keyingi vayronagarchilikni koʻzdan kechirdi

NASA administratori Jared Isaacman Kanaveral burniga tashrif buyurib, yaqinda New Glenn raketasi portlab ketgan start maydonchasidagi vayronagarchilik koʻlamini vertolyotdan turib baholadi. Tashrif davomida u Jeff Bezos asos solgan Blue Origin kompaniyasi muhandislari va xodimlari bilan uchrashib, LC-36 maydonchasidagi holatni bevosita oʻrgandi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Isaacman oʻz bayonotida aerokosmik soha vakillari aynan shunday murakkab vaziyatlarda va bosim ostida eng yaxshi natijalarni koʻrsatishini taʼkidladi. Uning soʻzlariga koʻra, NASA mamlakatning strategik maqsadlariga erishish uchun shunchaki kutib oʻtirmaydi, balki hamkorlar bilan birga muvaffaqiyatsizliklarni yengib oʻtishda faol ishtirok etadi.
"Biz Blue Origin jamoasiga tiklanishda, oyga qoʻnish modulini ishlab chiqishda va New Glenn parvozlarini xavfsiz tarzda qayta tiklashda yordam berishga qarormiz. Amerikaning koinotdagi eng buyuk yutuqlari xatolardan qochish emas, balki ularni yengib oʻtish natijasida qoʻlga kiritilgan", — dedi NASA rahbari.
Eslatib oʻtamiz, payshanba kuni kechqurun start maydonchasida New Glenn raketasi portlab ketgan edi. Hozirda NASA ushbu hodisa yuzasidan surishtiruv ishlarini olib bormoqda. Shunga qaramay, agentlik yaqinda Blue Origin kompaniyasini oy bazasini qurish boʻyicha birinchi missiya uchun hamkor sifatida tanlaganini maʼlum qilgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!