SpaceX «Oltin gumbaz» loyihasi uchun yangi sunʼiy yoʻldoshlar yaratadi

Elon Musk boshqaruvidagi SpaceX kompaniyasi AQSH prezidenti Donald Trump tashabbusi bilan yoʻlga qoʻyilgan «Oltin gumbaz» (Golden Dome) mudofaa qalqoni doirasida xorijiy samolyot va raketalarni kuzatuvchi sunʼiy yoʻldoshlarni yaratish uchun 4 milliard dollardan ortiq qiymatga ega shartnomani qoʻlga kiritdi. AQSH Kosmik kuchlari bayonotiga koʻra, ushbu tarmoq koinotdagi datchiklar, aloqa tizimlari va sunʼiy intellekt yordamida ishlovchi yer usti maʼlumotlar markazlarini birlashtirib, havo xavflarini orbitadan turib aniqlash imkonini beradi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Ilgari AQSH osmonni kuzatish uchun yer usti radarlari va harbiy aviatsiyadan foydalangan boʻlsa, endilikda aniqlash vositalarining koinotga joylashtirilishi «koʻrinmas hududlar»ni bartaraf etishga xizmat qiladi. 4,16 milliard dollarlik ushbu mablagʻ SpaceX kompaniyasining Pentagon bilan aloqalari yanada mustahkamlanayotganini va uning AQSHni koʻp bosqichli mudofaa tizimi orqali himoya qilishga qaratilgan loyihadagi faol ishtirokini anglatadi.
Bloomberg agentligi xabariga koʻra, SpaceX allaqachon ushbu loyiha uchun koinotdagi tutib qoluvchi qurilmalar prototiplarini ishlab chiqish boʻyicha shartnoma imzolagan. Shuningdek, kompaniya maxfiy va shifrlangan aloqani taʼminlovchi Starshield platformasi (Starlink versiyasi) ustida ham AQSH Kosmik kuchlari bilan hamkorlik qilmoqda. Kompaniyaning Falcon-9 raketalari esa Pentagonning milliy xavfsizlik uchun muhim boʻlgan sunʼiy yoʻldoshlarini orbitaga chiqarishda faol qoʻllanilmoqda.
«Oltin gumbaz» loyihasi rahbari, general Michael Guetleinning soʻzlariga koʻra, raketa hujumidan mudofaa tizimining birinchi bosqichi qiymati 185 milliard dollargacha oshishi kutilmoqda. Tizim 2028-yilga qadar toʻliq operatsion tayyorgarlik holatiga keltirilishi rejalashtirilgan. SpaceX bilan shartnoma byurokratiyani kamaytirish va raqobatni oshirishga qaratilgan tezlashtirilgan tartibda imzolangan boʻlib, yil yakuniga qadar boshqa tijoriy yetkazib beruvchilar bilan ham yangi kelishuvlar eʼlon qilinishi kutilmoqda.
Hozirda SpaceX yaqin haftalar ichida birjaga chiqishga tayyorgarlik koʻrmoqda va kompaniyaning bozor kapitallashuvini kamida 1,8 trillion dollarga yetkazish koʻzda tutilgan. Ushbu yangi harbiy shartnoma kompaniyaning koinot texnologiyalari bozoridagi yetakchiligini yanada mustahkamlaydi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!