SpaceX AQSH uchun yangi maxfiy sunʻiy yoʻldosh tarmogʻini yaratadi

AQSH Kosmik kuchlari SpaceX kompaniyasi bilan 2,29 milliard dollarlik yirik shartnoma imzoladi. Mazkur kelishuvdan koʻzlangan asosiy maqsad koinotda "himoyalangan internet" vazifasini oʻtovchi global past orbitali sunʻiy yoʻldosh tarmogʻini ishlab chiqish va ishga tushirishdir. Loyiha Space Data Network Backbone deb nomlandi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Yangi tizim oʻzaro lazerli aloqa liniyalari bilan bogʻlangan apparatlardan tashkil topadi. Bu texnologiya ulkan hajmdagi maxfiy maʻlumotlarni toʻgʻridan-toʻgʻri koinot orqali uzatish imkonini beradi. Natijada tizim yer usti stansiyalari va anʻanaviy tarmoqlarga boʻlgan bogʻliqlikdan butunlay xalos boʻladi.
SDN backbone komponenti AQSH harbiy aloqa arxitekturasining asosiy transport darajasiga aylanadi. Amaliyotda SpaceX sunʻiy yoʻldoshlari real vaqt rejimida razvedka sensorlari, qoʻmondonlik punktlari va zarba beruvchi komplekslar oʻrtasida oʻta muhim maʻlumotlarni retranslyatsiya qilib turadi.
Ushbu loyihani amalga oshirish uchun SpaceX oʻzining Starshield ixtisoslashtirilgan sunʻiy yoʻldoshlaridan foydalanadi. Starshield — bu fuqarolik uchun moʻljallangan Starlink tarmogʻining milliy xavfsizlik vazifalari uchun moslashtirilgan va shifrlangan aloqa kanallariga ega boʻlgan modifikatsiyasidir.
Yangi magistral tarmoq Koinotni rivojlantirish agentligining (SDA) Transport Layer turkumi bilan toʻliq integratsiya qilinadi. Hozirda ushbu agentlik turli tijoriy yetkazib beruvchilar bilan 300 dan ortiq aloqa sunʻiy yoʻldoshlarini uchirish boʻyicha shartnomalar imzolab boʻlgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!