Samsung Galaxy Z Fold 8: Buklam oʻrni deyarli sezilmaydigan boʻladi

Taniqli insayder Ice Universe Samsung Galaxy Z Fold 8 flagmanlar liniyasi haqida ikki muhim yangilikni maʻlum qildi. Asosiy yangilik shundaki, ichki ekrandagi buklam oʻrni endi deyarli sezilmaydi va sifat nazorati boʻyicha bozor yetakchisi Oppo Find N6 darajasiga yetadi. Ekran ham vizual, ham teginish nuqtayi nazaridan deyarli mukammal darajada tekis boʻladi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Ikkinchi muhim oʻzgarish modellarning nomlanishi bilan bogʻliq. Klassik "tor" koʻrinishdagi Galaxy Z Fold 8 endi rasman Galaxy Z Fold 8 Ultra deb ataladi. Avvalroq Wide nomi bilan tanilgan kengroq variant esa oddiygina Galaxy Z Fold 8 nomini oladi.
Yaqinda tarmoqda Samsung Galaxy Z Fold 8 Wide maketining yangi tasvirlari paydo boʻlgan edi. Ushbu oʻzgarishlar Samsung foydalanuvchilarning ergonomika va displey sifati boʻyicha talablariga jiddiy eʻtibor qaratayotganini koʻrsatmoqda.
Ice Universe avval ham iPhone X qirqimi, iPhone 14 dizayni va Samsung kompaniyasining 200 megapikselli datchiklari haqida aniq maʻlumotlarni birinchilardan boʻlib taqdim etgan edi. Yangiliklar haqidagi eksklyuziv maʻlumotlar unga Janubiy Koreya gigantining tadqiqot va ishlanmalar boʻlimidagi manbalaridan kelib tushadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!