Ryzen 9 7950X3D protsessori «shishib» ketdi: AMD kafolat berishdan bosh tortdi

Ijtimoiy tarmoqlarda AMD Ryzen 9 7950X3D protsessori bilan bogʻliq gʻayritabiiy holat muhokama qilinmoqda. Qurilma egasining soʻzlariga koʻra, protsessor foydalanish jarayonida tom maʼnoda «shishib» ketgan. Nosozlikdan soʻng AMD kompaniyasi tashqi jismoniy shikastlanishlarni roʻkach qilib, kafolatli xizmat koʻrsatishni rad etdi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Reddit forumining VINCENT199411 nikli foydalanuvchisi tizim 2023-yil may oyida Gigabyte X670E AORUS Master ona platasi bazasida yigʻilganini maʼlum qildi. Kompyuter Kingston Fury Beast DDR5-6000 xotira modullari va be quiet! Dark Power 13 quvvat bloki bilan jihozlangan edi. Foydalanuvchining taʼkidlashicha, protsessor standart EXPO profili bilan ishlagan, hech qanday qoʻlda overclock yoki kuchlanishni oʻzgartirish amalga oshirilmagan.
Hodisa 2024-yil aprel oyida sodir boʻlgan: kompyuter boʻsh turganda qattiq qarsillagan ovoz chiqargan va tizim butunlay oʻchib qolgan. Gigabyte mutaxassislari diagnostika davomida BIOS maʼlumotlari shikastlanganini aniqlab, platani qayta dasturlashgan. Tekshiruvlar natijasida ona platasi va quvvat bloki butunlay soz ekani, plata boshqa Ryzen 9 7950X3D bilan 64 soatlik stress-testdan muvaffaqiyatli oʻtgani maʼlum boʻldi.
Eng qiziq holat protsessorning tashqi koʻrinishida namoyon boʻldi. Eʼlon qilingan suratlarda chipning orqa qismida deformatsiya va shish paydo boʻlganini koʻrish mumkin. AMD aynan shu jismoniy nuqsonni sabab qilib, kafolat xizmatini koʻrsatishdan bosh tortdi. Biroq foydalanuvchining aytishicha, kompaniya protsessorni toʻliq ekspertizadan oʻtkazmagan va qarorni faqat yuborilgan fotosuratlarga tayanib qabul qilgan.
Ushbu holat texnologiya olamida katta rezonans keltirib chiqardi, chunki avvalroq X3D seriyasidagi protsessorlarning yuqori kuchlanish tufayli yonib ketishi bilan bogʻliq koʻplab shikoyatlar tushgan edi. Oʻshanda AMD va ona plata ishlab chiqaruvchilari SoC kuchlanishini 1,3 V bilan cheklaydigan BIOS yangilanishlarini chiqargan edilar. Hozircha ushbu yangi holat va eski muammolar oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri bogʻliqlik isbotlanmagan.





























Izohlar 0
…