1 TB internet yoki «Ijtimoiy paket»: «Pochta Rossii» mobil aloqa operatoriga aylandi

«Pochta Rossii» mobil aloqa xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha pilot loyiha ishga tushirilganini eʼlon qildi. «Pochta Rossii Mobayl» brendi ostidagi yangi virtual operator dastlab uchta hududda: Tver va Kaliningrad viloyatlari hamda Saxa Respublikasida (Yoqutiston) oʻz faoliyatini boshladi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Mazkur hududlardagi 1330 ta pochta boʻlimida yangi operator xizmatlariga ulanish imkoniyati yaratilgan. Mijozlar uchun hozircha ikkita tarif rejasi taklif etilmoqda. Birinchi tarif internetdan faol foydalanuvchilar uchun moʻljallangan boʻlib, u 1 TB trafik va 500 daqiqa qoʻngʻiroqni oʻz ichiga oladi. Ushbu paketning oylik toʻlovi 300 rublni tashkil etadi.
Ikkinchi tarif — «Ijtimoiy paket» deb nomlanib, u pensionerlar uchun maxsus ishlab chiqilgan va ulanish uchun tegishli guvohnoma talab etiladi. Mazkur paket 200 daqiqa, 200 ta SMS, 3 GB internet hamda spam va firibgarlardan himoya qiluvchi «Virtual yordamchi» xizmatini taqdim etadi. Narxi hududga qarab oyiga 100 dan 150 rublgacha oʻzgaradi.
Loyiha «aqlli virtual operator» (Smart MVNO) modeli asosida amalga oshirilgan. Bunda «Pochta Rossii» oʻz brendi ostida xizmat koʻrsatadi, biroq texnik infratuzilma va tarmoq platformasi sifatida «Bilayn» resurslaridan foydalanadi.






























Izohlar 0
…