Amazon sunʼiy intellekt poygasi uchun 17,5 milliard dollar qarz oladi

Sunʼiy intellekt sohasidagi shiddatli raqobatda yetakchilikni qoʻldan boy bermaslik uchun texnologiya gigantlari ulkan mablagʻlarni sarflashda davom etmoqda. Bloomberg xabariga koʻra, Amazon kompaniyasi bir qator yirik moliya institutlaridan 17,5 milliard dollar miqdorida kredit olish boʻyicha shartnoma imzoladi. Kredit beruvchilar qatorida Citigroup, JPMorgan Chase, Wells Fargo, HSBC va BofA Securities kabi banklar bor. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Ushbu kelishuv "kechiktirilgan muddatli kredit" (delayed draw term loan) shaklida tuzilgan boʻlib, bu Amazonʼga barcha mablagʻni birdaniga emas, balki oʻz ehtiyojlariga qarab boʻlib-boʻlib olish imkonini beradi. Bu esa kompaniyaga moliyaviy resurslarni boshqarishda katta moslashuvchanlik beradi. Shunisi eʼtiborliki, ushbu kelishuv Amazon Kanadada 14 milliard dollarlik obligatsiyalar sotishini eʼlon qilganidan atigi ikki kun oʻtib amalga oshirildi. Shunday qilib, kompaniya soʻnggi 48 soat ichida jami 31,5 milliard dollar yangi moliyalashtirishni jalb qildi.
Hozircha Amazon bu mablagʻlarni aynan nima uchun sarflashi toʻliq ochiqlanmagan. Reuters nashrining qayd etishicha, yangi kredit "umumiy korporativ maqsadlar" uchun yoʻnaltiriladi. Biroq, soha tahlilchilari bu mablagʻlarning asosiy qismi sunʼiy intellekt infratuzilmasini rivojlantirish, xususan, yangi chiplar va maʼlumotlar markazlarini (data centers) qurishga sarflanishini taxmin qilmoqdalar.
Amazon bu borada yolgʻiz emas. Soʻnggi paytlarda yirik texnologiya kompaniyalari sunʼiy intellekt loyihalarini moliyalashtirish uchun rekord darajadagi kapital xarajatlarni amalga oshirmoqda. Masalan, Googleʼning bosh kompaniyasi Alphabet 80 milliard dollar jalb qilishni rejalashtirayotganini maʼlum qilgan boʻlsa, Meta oʻz tarixidagi eng yirik — 30 milliard dollarlik obligatsiyalar savdosini eʼlon qildi.
Hozirda investorlar va tahlilchilarni bir savol koʻproq oʻylantirmoqda: ushbu ulkan xarajatlar oʻzini oqlaydimi? Silikon vodiysi standartlari boʻyicha ham hayratlanarli darajada boʻlgan bu qarzlar kelajakda kutilgan daromadni keltiradimi yoki yoʻq, buni vaqt koʻrsatadi.































Izohlar 0
…