WhatsApp eski iPhone va Android smartfonlarini qoʻllab-quvvatlashni toʻxtatadi

Ommabop WhatsApp messenjeri jamoasi oʻzining maʼlumotlar markazida qoʻllab-quvvatlanadigan operatsion tizimlar haqidagi maʼlumotlarni yangiladi. Soʻnggi oʻzgarishlarga koʻra, 2026-yil 30-noyabrdan boshlab iOS operatsion tizimining faqat 15.5 va undan yuqori versiyalari qoʻllab-quvvatlanadi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Shuningdek, Android smartfonlari uchun ham talablar oʻzgardi. 2026-yil 8-sentabrdan boshlab messenjer faqat Android 6 va undan yangi versiyalarda ishlashda davom etadi. Ishlab chiquvchilarning taʼkidlashicha, tizimni qoʻllab-quvvatlash butunlay toʻxtatilishidan oldin foydalanuvchilarga yangilanish zarurligi haqida bir necha bor ogohlantirishlar yuboriladi.
Eʼtiborlisi, iPhone 6s, iPhone 6s Plus, iPhone SE (1-avlod), iPhone 7 va iPhone 7 Plus foydalanuvchilari uchun bu yangilik unchalik xavfli emas. Ushbu modellar uchun soʻnggi yangilanish iOS 15.8.8 versiyasigacha chiqarilgan, shuning uchun egalari belgilangan muddatgacha qurilmalarini yangilab olishlari kifoya.
Hozirgi vaqtda iOS 15.1 versiyasini qoʻllab-quvvatlaydigan barcha Apple qurilmalari 15.5 versiyasigacha yangilanish imkoniyatiga ega. Shu sababli, foydalanuvchilar messenjerdan foydalanishda davom etishlari uchun oʻz smartfonlaridagi dasturiy taʼminotni oʻz vaqtida yangilab turishlari tavsiya etiladi.





























Izohlar 0
…