Quantum Space harbiy SPAC orqali SpaceX muvaffaqiyatini takrorlamoqchi

AQSH harbiylari uchun yuqori manyovrli kosmik kemalar yaratishni rejalashtirayotgan Quantum Space startapi 1,2 milliard dollarlik bitim doirasida SPAC (maxsus maqsadli sotib olish kompaniyasi) orqali birjaga chiqishini eʻlon qildi. 2021-yilda kosmik sektorda ommalashgan ushbu usul koʻplab investorlar uchun muvaffaqiyatsiz yakunlangan boʻlsa-da, Rocket Lab va Planet kabi loyihalar oʻzini oqladi. Endilikda Quantum Space ham ushbu yoʻldan borib, SpaceX va boshqa gigantlar yaratgan investitsiya toʻlqinidan foydalanmoqchi. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Kompaniya asoschisi Kam Ghaffarian avvalroq Intuitive Machines loyihasini muvaffaqiyatli yoʻlga qoʻygan edi. Hozirda 6,4 milliard dollarlik qiymatga ega boʻlgan ushbu kompaniya Oyga robotlashtirilgan missiyalarni yubormoqda. Ghaffarian yangi loyihasi orqali AQSH Kosmik kuchlarining (US Space Force) orbitalararo harakatlanuvchi va boshqa apparatlar bilan uchrasha oladigan texnikalarga boʻlgan ortib borayotgan ehtiyojini qondirishni maqsad qilgan.
Quantum Space boshqaruviga NASA sobiq administratori Jim Bridenstine tayinlangan. Uning soʻzlariga koʻra, kompaniya asosiy eʻtiborni milliy xavfsizlikka qaratadi. Hozirda startap oltita davlat dasturida, jumladan, Oyga parvoz qilish loyihasida ishtirok etmoqda. Bridenstine oʻzining siyosiy va sohaviy tajribasidan foydalanib, yirik davlat shartnomalarini qoʻlga kiritishni rejalashtirmoqda.
Kompaniyaning Ranger deb nomlangan kosmik kemasi Rossiya va Xitoyning yangi avlod apparatlariga raqobatchi sifatida ishlab chiqilgan. Aksariyat sunʻiy yoʻldoshlardan farqli oʻlaroq, Ranger katta miqdordagi yoqilgʻi zaxirasiga ega boʻladi va yuqori orbitalarda uzoq vaqt qolib, raqib obʻ yoʻldoshlarni kuzatish imkonini beradi. Shuningdek, u koinotda yoqilgʻi quyish imkoniyatiga ham ega boʻlishi kutilmoqda.
Quantum Space allaqachon 6,2 milliard dollarlik Andromeda shartnomasiga qoʻshilish uchun tanlab olingan. Ushbu loyiha koinotda razvedka ishlarini olib boruvchi apparatlarni yaratishga qaratilgan. Kompaniyaning asosiy vazifasi 2030-yildan boshlanadigan real moliyalashtirilgan missiyalar uchun buyurtmalarni qoʻlga kiritishdan iborat boʻladi.






























Izohlar 0
…