NASA va Relativity Space Marsni oʻrganish boʻyicha tarixiy shartnoma imzoladi

AQSH Milliy aeronavtika va koinot boshqarmasi (NASA) xususiy Relativity Space kompaniyasi bilan Mars atmosferasini oʻrganishga qaratilgan Aeolus missiyasini amalga oshirish boʻyicha strategik shartnoma imzoladi. Ushbu loyiha koinotni tadqiq qilish tarixida muhim burilish nuqtasi boʻlishi kutilmoqda, chunki u xususiy kompaniya tomonidan boshqa sayyoraga yetkaziladigan ilk ilmiy zondga aylanishi mumkin. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Aeolus missiyasining asosiy maqsadi Qizil sayyora orbitasiga maxsus apparatni joylashtirishdan iborat. Ushbu qurilma toʻrtta zamonaviy ilmiy asbob bilan jihozlanadi va har kuni Marsdagi chang boʻronlari, shamol tezligi hamda harorat oʻzgarishlari haqida maʼlumot toʻplaydi. ixbt.com maʼlumotiga koʻra, ushbu kuzatuvlar Marsda muntazam meteorologik monitoring tizimini yaratishga xizmat qiladi.
Mars uchun ilk xususiy ob-havo stansiyasi
Mazkur loyiha nafaqat ilmiy, balki amaliy ahamiyatga ham ega. Mars atmosferasidagi jarayonlarni aniq tushunish kelajakda sayyora yuzasiga qoʻnadigan apparatlar va istiqboldagi pilotli ekspeditsiyalar xavfsizligini taʼminlash uchun oʻta muhimdir. NASA ilmiy qism va asbob-uskunalar uchun masʼul boʻlsa, Relativity Space raketa va koinot apparatini ishlab chiqish hamda uchirish vazifasini oʻz zimmasiga olgan.Shartnoma modeli NASAning Xalqaro koinot stansiyasiga yuk yetkazib berish va Oyga tijoriy parvozlar dasturlariga oʻxshash tarzda tuzilgan. Bu yondashuv davlat agentligiga texnologik xavflarning bir qismini xususiy sherikka oʻtkazish orqali missiya xarajatlarini kamaytirish va ilmiy maʼlumotlarni tezroq olish imkonini beradi.
Relativity Space uchun jiddiy sinov
Missiyani amalga oshirish 2028-yilga rejalashtirilgan boʻlib, bu Relativity Space kompaniyasi uchun juda qisqa muddat hisoblanadi. Kompaniya bir vaqtning oʻzida ham apparatni yakunlashi, ham oʻzining yangi Terran R raketasini tayyor holatga keltirishi lozim. Taʼkidlash joizki, kompaniyaning 2023-yildagi Terran-1 raketasining ilk parvozi muvaffaqiyatsizlik bilan yakunlangan edi.Hozirda kompaniyaga Google sobiq rahbari Erik Shmidt asosiy investor va amaldagi rahbar sifatida kelganidan soʻng, eʼtibor yirikroq Terran R tizimiga qaratilgan. NASA uchun bu ham maʼlum darajada tavakkalchilikdir, chunki Relativity Space ogʻir koinot logistikasida hali oʻzini toʻliq namoyon etganicha yoʻq. Avvalgi tajribalar shuni koʻrsatadiki, koinot startaplari koʻpincha moliyaviy qiyinchiliklar yoki texnik kechikishlarga duch kelishadi.
Agar Aeolus oʻz vaqtida uchirilsa, u Marsga yetib borgan birinchi xususiy ilmiy loyiha sifatida tarixda qoladi. Bu nafaqat Relativity Space texnologiyalari, balki davlat agentliklarining xususiy sektorga tobora koʻproq tayanayotgan yangi koinot iqtisodiyoti modeli uchun ham katta sinov boʻladi.






























Izohlar 0
…