Samsung xavfsizlikni kuchaytirib, internetni ulashuvchi TV ilovalarni taqiqladi

Samsung kompaniyasi foydalanuvchilarning internet trafigini begona shaxslar bilan ulashuvchi maxsus kodlarga ega aqlli televizor ilovalarini taqiqlashga kirishdi. Norvegiyaning Mnemonic kiberxavfsizlik kompaniyasi tadqiqotchilari e'lon qilgan ma'lumotlarga ko'ra, mashhur Samsung Smart TV ilovalarining ayrimlarida egasining internet ulanishini chetdagi shaxslarga uzatuvchi kodlar mavjud bo'lgan.
Samsung kompaniyasi foydalanuvchilarning internet trafigini begona shaxslar bilan ulashuvchi maxsus kodlarga ega aqlli televizor ilovalarini taqiqlashga kirishdi. Ushbu xavfli dasturlar millionlab Samsung Smart TV qurilmalarini kiberxurujlar va boshqaruvni yo'qotish xavfi ostida qoldirishi mumkin edi. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Norvegiyaning Mnemonic kiberxavfsizlik kompaniyasi tadqiqotchilari e'lon qilgan ma'lumotlarga ko'ra, mashhur Samsung Smart TV ilovalarining ayrimlarida egasining internet ulanishini chetdagi shaxslarga uzatuvchi kodlar mavjud. Dasturchilarning ta'kidlashicha, bunday ilovalar yuz millionlab uy televizorlariga o'rnatilgan bo'lishi mumkin.
Aniqlanishicha, xavfli dasturlardan kamida bittasi oddiy Pac-Man o'yini bo'lib, uning o'zi Samsung tomonidan “Muharrir tanlovi” bo'limida maxsus tavsiya etilgan. Ushbu ilovalar odatiy uy va ofis internet tarmoqlari orqali begonalarning veb-trafigini o'tkazish imkonini beruvchi resproxy (rezidensial proksi tarmoqlari) texnologiyasidan foydalangan.
Xavfli mexanizm qanday ishlaydi
Mnemonic mutaxassislarining tushuntirishicha, bunday dasturlar ochilganda, aqlli televizor chetdagi shaxslarning veb-trafigini o'tkazib yuboradigan doimiy ishlaydigan tunnelga — chiqish tuguniga aylanadi. E'tiborlisi, ilovaning o'zi yopilgan taqdirda ham bu jarayon davom etaveradi.Mutaxassislar bunday ilovalar juda sodda tuzilganligini, atigi bir necha qator koddan iborat bo'lib, asosan boshqa saytdagi kontentni yuklashga mo'ljallanganini aniqlagan. Samsung ilovalar do'konida tekshiruvdan o'tish chog'ida faqat dastlabki bir necha qator kod ko'rinib, aslida ishga tushadigan kontent boshqa manbalardan kelgani uchun xavfsizlik tizimi uni payqamay qolgan.
Samsung va boshqa brendlarning munosabati
TechCrunch nashri mazkur tadqiqot natijalari yuzasidan Samsung kompaniyasiga murojaat qilgach, elektronika giganti internet ulanishini boshqalar bilan ulashuvchi ilovalarni rasman taqiqlashi va ularni do'kondan olib tashlashini ma'lum qildi.Samsung vakilining so'zlariga ko'ra, kompaniya Smart TV platformasida bunday proksi funksiyalariga ega yangi ilovalarni ro'yxatdan o'tkazishni allaqachon cheklagan. Hozirda do'konda mavjud bo'lgan barcha shu turdagi ilovalarni aniqlash va tozalash bo'yicha qat'iy choralar ko'rilmoqda.
Eslatib o'tamiz, o'tgan oyda LG kompaniyasi ham o'z ilovalar do'konidagi dasturlarning salmoqli qismi televizorlarni proksi tarmoqqa ulashini aniqlab, resproxy dasturiy ta'minotiga ega ilovalarni taqiqlashini e'lon qilgan edi.






























Izohlar 0
…