Deezer yangi Remix Lab funksiyasini ishga tushirdi: Endi muxlislar qoʻshiqlarni qonuniy remiks qiladi

Global musiqa striming xizmati Deezer oʻzining yangi “Remix Lab” funksiyasini taqdim etdi. Ushbu yangilik muxlislarga oʻzlari yoqtirgan taronalarni ijodiy qayta ishlash (remiks qilish) imkoniyatini beradi. Eng muhimi, bu jarayon original ijrochilar va mualliflik huquqi egalarining roziligi bilan amalga oshiriladi hamda sanʼatkorlar har bir tinglovdan daromad olishda davom etadi. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Hozirda koʻplab raqobatchi platformalar, jumladan, YouTube va Spotify sunʼiy intellekt (AI) yordamida remikslar yaratishga urgʻu bermoqda. Biroq Deezer boshqacha yoʻldan borishni afzal koʻrdi. ixbt.com ma‘lumotiga ko‘ra, Remix Lab ilova ichidagi maxsus vositalar orqali ishlaydi. Foydalanuvchilar qoʻshiqning tempini oʻzgartirishi, “reverb” effektini qoʻshishi yoki janr va uslubni butunlay yangilashi mumkin.
Sunʼiy intellektga qarshi kurash va mualliflik huquqi
Deezer uzoq vaqtdan beri musiqa sanoatida sunʼiy intellektning haddan tashqari koʻpayishiga qarshi chiqib kelmoqda. Platforma yaqinda Spotify va Apple Music kabi xizmatlardagi pleylistlarni tahlil qilib, AI tomonidan yaratilgan taronalarni aniqlaydigan vositani ham joriy qilgan edi. Kompaniya bunday treklarni oʻz tavsiyalaridan olib tashlaydigan kam sonli servislar sirasiga kiradi.“Ushbu remiks vositasi muxlislarga ijodiy jarayonda bevosita ishtirok etish va sevimli musiqalari bilan yanada yaqinroq bogʻlanish imkonini beradi”, deydi Deezer bosh direktori Alexis Lanternier. Uning taʼkidlashicha, barcha funksiyalar sanʼatkorlarning toʻliq ishtiroki va huquqlarini hurmat qilgan holda ishlab chiqilgan boʻlib, har bir trek uchun maksimal daromadni taʼminlaydi.
Hozircha Remix Lab funksiyasi sinov tariqasida Fransiyada ishga tushirildi. Foydalanuvchilar Céline Dion, Alain Souchon, Alonzo va Ronisia kabi taniqli fransuz ijrochilarining asarlarini qayta ishlashlari mumkin. Kelajakda ushbu xizmatni boshqa mamlakatlarda ham joriy etish rejalashtirilgan.
Sanoat uchun yangi yoʻnalish
Musiqa sanoati ekspertlarining fikricha, Deezer taklif qilayotgan ushbu model AI “bosqini”ga qarshi samarali muqobil boʻlishi mumkin. Agar loyiha muvaffaqiyatli chiqsa, boshqa striming platformalari ham mualliflik huquqini saqlagan holda muxlislar bilan muloqot qilishning shunday usulini tanlashi kutilmoqda.Bundan tashqari, Deezer Club doirasida maxsus tanlovlar ham tashkil etilmoqda. Eng yaxshi remiks mualliflari sentyabr oyi boshida eʼlon qilinadi. Gʻolib boʻlgan treklar Deezer platformasidagi maxsus pleylistga kiritiladi va mualliflar Deezer Purple Door tadbirlariga chiptalar hamda eksklyuziv sovgʻalar bilan taqdirlanadi.































Izohlar 0
…