Airbus strategiyasini oʻzgartirdi: Gigant laynerlar davri oʻrnini ixcham samolyotlar egallaydi

Aviatsiya olamining yetakchi gigantlaridan biri boʻlgan Airbus korporatsiyasi kelgusi 20 yilga moʻljallangan global prognozini yangiladi. Kompaniya ilk bor bozorning oʻsish surʼatlari borasidagi kutilmalarini pasaytirdi va asosiy eʼtiborni ulkan A380 kabi laynerlardan ixcham hamda tejamkor modellarga qaratishini maʼlum qildi. Bu oʻzgarish dunyo boʻylab aviatashuvlar logistikasining tubdan oʻzgarayotganidan dalolat beradi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Yangi hisobotga koʻra, 2026-yildan 2045-yilgacha boʻlgan davrda jahon aviakompaniyalari jami 42 060 ta yangi yoʻlovchi samolyotini qabul qilib oladi. Bu koʻrsatkich avvalgi prognozlarga nisbatan 1 foizga kamdir. Airbus tahlilchilari ushbu hisob-kitobda nafaqat oʻz mahsulotlarini, balki Boeing, Xitoyning COMAC va Rossiyaning MS-21 loyihalarini ham inobatga olganlar. Bozorning sekinlashishiga geosiyosiy beqarorlik va savdo cheklovlari asosiy sabab sifatida koʻrsatilmoqda.
Yirik xablardan voz kechish strategiyasi
Airbus bozor tahlili boʻlimi rahbari Antonio da Kosta soha pandemiyadan keyingi tiklanishning eng yuqori nuqtasiga yetganini taʼkidladi. Endilikda aviakompaniyalar parkni shunchaki kengaytirish emas, balki uni samarali yangilashga eʼtibor qaratmoqda. Bashorat qilinayotgan yangi samolyotlarning qariyb 47 foizi eski modellarni almashtirish uchun xarid qilinadi. Bu koʻrsatkich avvalgi hisobotlarda 45 foizni tashkil etgan edi.Kompaniya strategiyasidagi eng katta burilish — bu oʻta yirik laynerlar konsepsiyasidan voz kechishdir. Bir paytlar osmon qiroli hisoblangan A380 modelini ishlab chiqarish toʻxtatilgach, Airbus endi A220 va A321XLR kabi ixcham modellarga pul tikmoqda. Ushbu samolyotlar aviakompaniyalarga yirik tranzit markazlariga (xablarga) bogʻlanib qolmasdan, shaharlar oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri reyslarni amalga oshirish imkonini beradi.
Osiyo bozori va yangi yoʻnalishlar
Kelajakdagi talabning asosiy qismi, yaʼni qariyb 33 920 tasi tor fyuzelyajli (bir yoʻlakli) samolyotlar hissasiga toʻgʻri keladi. Bu segmentda Airbus A320neo va Boeing 737 MAX kabi modellar oʻrtasidagi raqobat yanada kuchayishi kutilmoqda. Mintaqaviy nuqtai nazardan esa Osiyo dunyo aviatsiyasining asosiy dvigateli boʻlib qolmoqda. Yangi samolyotlarning deyarli yarmi aynan ushbu qitʼaga yetkazib beriladi.Qiziqarli jihati shundaki, Airbus Hindiston bozoriga juda katta ishonch bildirmoqda. Mamlakat ichki aviatashuvlarining oʻsish prognozi 8,9 foizdan 9,1 foizga koʻtarildi. Aksincha, Xitoy boʻyicha kutilmalar biroz pasaytirilib, yillik oʻsish 4,7 foiz darajasida belgilandi. Oʻzbekiston kabi rivojlanayotgan bozorlar uchun ham ixcham va uzoq masofaga uchuvchi A321XLR kabi modellar yangi xalqaro yoʻnalishlarni ochishda juda qulay hisoblanadi.
Yaqin Sharqdagi mojarolar va neft narxining beqarorligi aviakompaniyalarni ehtiyotkor boʻlishga majbur qilmoqda. Shu sababli, Airbus kelajakni faqatgina sigʻimda emas, balki yoqilgʻi tejamkorligi va parvozlar moslashuvchanligida koʻrmoqda. Bu esa aviatsiya sanoatida "gigantizm" davri yakunlanib, samaradorlik davri boshlanayotganidan dalolat beradi.






























Izohlar 0
…