AQSHda aeroportga ehtiyoj sezmaydigan innovatsion samolyotlar zavodi qurilmoqda

AQSHning Electra kompaniyasi mintaqaviy aviatsiya olamida inqilob qilishga qodir boʻlgan EL9 Ultra Short gibrid-elektr samolyotlarini ishlab chiqaruvchi ilk zavod qurilishini eʼlon qildi. Ogayo shtatining Springfild shahrida qad koʻtaradigan ushbu majmua anʼanaviy uchish-qoʻnish yoʻlaklariga bogʻlanib qolmagan havo transporti erasini boshlab berishi kutilmoqda. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Loyiha doirasida qariyb 39 gektar maydonni egallaydigan ulkan ishlab chiqarish kompleksi barpo etiladi. ixbt.com maʼlumotiga koʻra, loyihaga kiritilayotgan umumiy investitsiya miqdori 850 million dollarni tashkil etadi. Zavod qurilishi 2027-yilda boshlanishi rejalashtirilgan boʻlib, u toʻliq quvvat bilan ishga tushgach, 2 mingga yaqin yangi ish oʻrni yaratiladi. Dastlabki bosqichda yiliga 400 ta, keyinchalik esa 800 tagacha EL9 Ultra Short samolyotlari ishlab chiqarilishi koʻzda tutilgan.
Texnologik ustunlik va Blown Lift tizimi
EL9 Ultra Short modelining asosiy oʻziga xosligi uning parvoz qilish texnologiyasidadir. Samolyotda qoʻllanilgan Blown Lift texnologiyasi parraklardan chiqayotgan havo oqimini bevosita qanotlarga yoʻnaltiradi, bu esa koʻtarilish kuchini keskin oshiradi. Natijada havo kemasiga havoga koʻtarilish va qoʻnish uchun bor-yoʻgʻi 45–46 metr uzunlikdagi maydon yetarli boʻladi.Taqqoslash uchun, hozirgi zamonaviy mintaqaviy samolyotlar uchun bir necha yuz metrli maxsus beton yoʻlaklar talab etiladi. EL9 esa nafaqat aeroportlarda, balki shahar yaqinidagi kichik maydonchalarda, avtoturargohlarda va hatto barjalarda ham qoʻna oladi. Bu xususiyat uni Oʻzbekiston kabi togʻli yoki chekka hududlarga ega mamlakatlar uchun ham juda istiqbolli transport vositasiga aylantirishi mumkin.
Direct Aviation: Aviatsiyaning yangi konsepsiyasi
Electra kompaniyasi Direct Aviation («toʻgʻridan-toʻgʻri aviatsiya») konsepsiyasini ilgari surmoqda. Unga koʻra, yoʻlovchilar yirik aeroportlarga borib vaqt sarflashlari shart boʻlmaydi. Toʻqqiz nafar yoʻlovchiga moʻljallangan samolyotlar aholi punktlari, sanoat korxonalari yoki dam olish maskanlariga yaqin boʻlgan kichik maydonlardan parvozlarni amalga oshiradi.Gibrid-elektr dvigatel tizimi bilan jihozlangan ushbu uchoqlarning imkoniyatlari quyidagilardan iborat:
- Maksimal parvoz masofasi: 610 kilometr;
- Yoʻlovchi sigʻimi: 9 kishigacha;
- Boshqaruv tizimi: Fly-by-wire elektron tizimi;
- Ekologik jihat: Yoqilgʻi sarfi va shovqin darajasi anʼanaviy samolyotlarga nisbatan sezilarli darajada past.






























Izohlar 0
…