Minecraft talablari 17 yilda ilk bor keskin oshirildi

Microsoft kompaniyasi mashhur Minecraft oʻyinining tizimli talablarini soʻnggi 17 yil ichida ilk bor jiddiy ravishda qayta koʻrib chiqdi. ixbt.com maʼlumotiga koʻra, ushbu oʻzgarishlar oʻyinni yanada rivojlantirish, ilgʻor texnologiyalarni joriy etish hamda kelgusidagi versiyalarning barqaror ishlashini taʼminlash maqsadida amalga oshirilmoqda. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Eng sezilarli oʻzgarishlar oʻyinning minimal konfiguratsiyasiga taʼsir koʻrsatdi. Agar avvallari Minecraft: Java Edition hatto Intel Core i3-3210, AMD A8-8600 protsessorlari, 2 GB tezkor xotira va Intel HD 4000 oʻrnatilgan grafik kartasiga ega eski kompyuterlarda ham erkin ishlagan boʻlsa, endilikda texnik talablar bir necha barobar oshdi.
Yangi tavsiya etiladigan texnik talablar
Kompaniya taqdim etgan maʼlumotlarga koʻra, tavsiya etiladigan talablar ham sezilarli darajada yuqoriladi. Endilikda Microsoft oʻyinni Windows 11 operatsion tizimi, Intel Core i5-12400 yoki AMD Ryzen 5 5600 darajasidagi protsessorlar, GeForce RTX 2060, Radeon RX 5600 XT yoxud Intel Arc A580 grafik kartalari va naqd 16 GB operativ xotiraga ega kompyuterlarda ishga tushirishni maslahat bermoqda.Shunga qaramay, texnik imkoniyati cheklangan qurilmalar egalari xavotirlanishiga oʻrin yoʻq. Microsoft rasman maʼlum qilishicha, eski yoki tavsiya etilgan darajaga javob bermaydigan kompyuterlar egalari oʻyinga kirish huquqidan mahrum boʻlmaydi. Minecraft: Java Edition baribir bunday uskunlarda ham ishlayveradi.
Biroq mutaxassislar ogohlantirishicha, eski uskunalarda oʻyinning barqaror kadrlar chastotasi (FPS), xatolarsiz ishlashi va yangi funksiyalarning toʻgʻri ishlashi endilikda kafolatlanmaydi. Bu esa eskirgan kompyuter foydalanuvchilari uchun kelgusida qiyinchiliklar tugʻdirishi mumkin.
Tizimli talablarning keskin oshishi faqatgina oʻyin hajmining kengayishi bilan bogʻliq emas. Asosiy sabablardan biri — Microsoft eskirgan OpenGL grafik API'sidan voz kechib, uni zamonaviyroq Vulkan texnologiyasiga almashtirishni rejalashtirayotganidir. Ushbu oʻtish umumiy unumdorlikni oshirishi kutilmoqda.
Kompyuterlari yangi talablarga javob bermaydigan foydalanuvchilar uchun Microsoft muqobil yoʻlni ham taklif qiladi. Xususan, apparat taʼminotiga unchalik talabchan boʻlmagan Minecraft: Bedrock Edition versiyasiga eʼtibor qaratish tavsiya etiladi. Garchi u modifikatsiya imkoniyatlari boʻyicha Java versiyasidan ortda qolsa-da, oddiy oʻyinchilar uchun qulay yechim boʻlib qolmoqda.






























Izohlar 0
…