Real Madrid Yan Diomande transferi boʻyicha kelishuvga erishdi

Ispaniyaning Real Madrid klubi transfer bozorida navbatdagi shov-shuvli kelishuvga yaqin turibdi. Mashhur insayder Fabrizio Romanoning xabar berishicha, qirollik klubi RB Leyptsig jamoasi isteʼdodli qanot hujumchisi Yan Diomandeni oʻz safiga qoʻshib olish borasida toʻliq kelishuvga erishdi. 19 yoshli futbolchi yaqin kunlarda Ispaniyaga uchib borib, tibbiy koʻrikdan oʻtadi va 2031-yilning iyuniga qadar moʻljallangan uzoq muddatli shartnoma imzolaydi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Transfer qiymati 100 million yevrodan sezilarli darajada yuqori baholanmoqda. Dastlab madridliklarning 100 million yevro atrofidagi taklifi Germaniya klubi tomonidan rad etilgan edi, chunki RB Leyptsig rahbariyati oʻz iqtidorli oʻyinchisi uchun bundan koʻproq mablagʻ talab qilgandi. Biroq soʻnggi muzokaralar natijasida tomonlar umumiy kelishuvga erishdi va transfer narxi rekord darajadagi summani tashkil etdi.
Yulduzli futbolchi uchun keskin raqobat
Kot-dʼ-Ivuar terma jamoasi aʼzosi boʻlgan Yan Diomandega Yevropaning yetakchi klublaridan jiddiy qiziqish bildirilgandi. Xususan, Parij Sen-Jermen jamoasi ham transfer poygasida faol ishtirok etib, futbolchi bilan shaxsiy shartnoma shartlarini kelishib qoʻygan edi. Biroq Parij klubi moliyaviy barqarorlik va jamoa balansini saqlab qolish tamoyillariga sodiq qolgan holda, bu summa uchun kurashdan chiqishga qaror qildi.Shuningdek, Angliya Premyer-ligasining grand klublari — Arsenal, Manchester Siti va Liverpul ham yosh iqtidor egasining harakatlarini diqqat bilan kuzatib borgan edi. Biroq ingliz jamoalari 100 million yevrlik chegaradan oshishni istamadi. Parij Sen-Jermenning kurashdan chiqishi esa Real Madrid yoʻlidagi barcha toʻsiqlarni bartaraf etdi va transferning amalga oshishini kafolatladi.
Futbolchining tezkor yuksalish tarixi
Yan Diomandening soʻnggi yillardagi faoliyati haqiqiy professional sakrashlar bilan ajralib turadi. 2024-25-yilgi mavsumda u La Ligadan tushib ketgan Leganes safida atigi oltita oʻyinda asosiy tarkibda maydonga tushib, ikki bor raqiblar darvozasini ishgʻol qilgan edi. Shunga qaramay, uning salohiyati nemis klubi eʼtiboridan chetda qolmadi.2025-yilda RB Leyptsig futbolchi uchun 20 million yevro toʻlab, uni oʻz safiga qoʻshib olgandi. Germaniya Bundesligasida oʻyinini tubdan oʻzgartirgan yosh hujumchi qisqa fursatda jamoaning asosiy yulduziga aylandi. Oʻtgan mavsum davomida u barcha turnirlarda 46 ta uchrashuvda qatnashib, 10 dan ortiq gol muallifiga aylandi va Yevropaning eng porloq iqtidorlaridan biriga aylandi.






























Izohlar 0
…