EON kosmik lazerlar yordamida global maʼlumotlar tezligini oshirmoqchi

Endeavor Optical Networks (EON) orbitadan ma'lumotlar markazlarini bog'laydigan lazerli sun'iy yo'ldoshlar tarmog'ini yaratishni rejalashtirmoqda. Joriy yilning may oyida tashkil topgan startap 10,75 million dollarlik boshlang'ich sarmoya olgan va ilk bosqichda sekundiga 2,4 terabit o'tkazuvchanlikka erishishni maqsad qilgan.
Hozirgi kunda butun dunyo boʻylab yirik maʼlumotlar markazlari qurilishi jadal ketayotgan bir paytda, raqamli maʼlumotlarni okean ortiga uzatish koʻp jihatdan dengiz tubidan oʻtkazilgan optik tolali kabellarga tayanadi. Biroq ixbt.com maʼlumotiga koʻra, mazkur kabellarni oʻrnatish, unga xizmat koʻrsatish va ularni taʼmirlash juda murakkab jarayon boʻlib, tarmoqning oʻzi ham yetarlicha nozik hisoblanadi. Yer ustidagi anʼanaviy radiotoʻlqinlar esa yetarli darajada oʻtkazuvchanlik qobiliyatiga ega emas. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Ana shu muammoning yechimi sifatida kosmosdagi lazer texnologiyalari taklif etilmoqda. Joriy yilning may oyida tashkil topgan va umumiy qiymati 10,75 million dollarlik boshlangʻich sarmoyani qoʻlga kiritgan Endeavor Optical Networks (EON) nomli startap aynan orbitadan maʼlumotlar markazlarini bogʻlovchi lazerli sunʼiy yoʻldoshlar tarmogʻini yaratishni rejalashtirmoqda. Kompaniya asoschilari Charli Xorovits va Tayler Presser bu borada ulkan maqsadlarni koʻzlagan.
Kosmik aloqaning yangi bosqichi
Aksariyat sunʼiy yoʻldosh aloqa tizimlari okean tubidagi kabellar yetkazib beradigan sekundiga 200 terabit va undan yuqori tezlikni taʼminlay olmaydi. Biroq soʻnggi yillarda quvvatliroq sunʼiy yoʻldoshlar va optik texnologiyalarning rivojlanishi fazodan Yerga lazer yordamida maʼlumot uzatish imkoniyatlarini kengaytirmoqda. Xususan, NASA oʻzining soʻnggi Oy missiyasida lazer aloqasidan muvaffaqiyatli foydalangan edi.Shunga qaramay, xususiy kosmik kompaniyalar ilgari sinovdan oʻtkazgan aloqa liniyalari sekundiga atigi 2,5 gigabit tezlikni koʻrsatgan boʻlsa, EON mutlaqo boshqa darajadagi marrani koʻzlamoqda. Kompaniya rahbarining soʻzlariga koʻra, ularning ilk boshlangʻich maqsadi sekundiga 2,4 terabit oʻtkazuvchanlik qobiliyatiga erishishdir. Buning uchun esa atmosfera toʻsiqlari va bulutlar keltirib chiqaradigan nurlanish buzilishlarini yengib oʻtish talab etiladi.
Loyihaning amaldagi rejalari
EON fazoda taxminan 20 ta sunʼiy yoʻldoshdan iborat tarmoqni shakllantirishni niyat qilgan. Har bir qurilma ikki qitʼa oʻrtasida maxsus aloqani taʼminlaydi. Kompaniya maʼlumot uzatishda qiynaladigan yoki infratuzilmasi yetarli boʻlmagan yoʻnalishlarga, jumladan Fransiya va Avstraliya yoki Afrika bilan Janubiy Amerika orasidagi masofalarga alohida eʼtibor qaratadi.Hozirgi bosqichda startap olingan mablagʻlarni optik laboratoriya qurish, muhandislarni yollash va 2027-yil oxiriga moʻljallangan sinov sunʼiy yoʻldoshini uchirishga tayyorgarlik koʻrishga sarflaydi. EON asosiy eʼtiborni maxsus optik aloqa terminallarini ishlab chiqishga qaratib, sunʼiy yoʻldosh korpuslarini tayyor holdagi xarid qilishni rejalashtirgan.






























Izohlar 0
…