Xiaomi kompaniyasi 10 000 mA·ch akkumulyatorli ilk smartfonini taqdim etdi

Xiaomi kompaniyasi Yaponiya bozorida oʻz tarixida ilk bor ulkan — 10 000 mA·ch sigʻimli akkumulyator bilan jihozlangan Redmi Note 17 Pro Max 5G smartfonini sotuvga chiqardi. ixbt.com maʼlumotiga koʻra, muhandislar rekord darajadagi quvvatni taʼminlash barobarida qurilmaning qalinligini 8,57 mm va vaznini 229,5 gramm darajasida saqlab qolishga muvaffaq boʻlgan. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Texnik imkoniyatlar va unumdorlik
Yangi smartfon Qualcomm Snapdragon 6 Gen 5 protsessori bazasida ishlaydi va Android 16 operatsion tizimining soʻnggi versiyasini olgan. Qurilma 100 vattli tezkor quvvatlash texnologiyasini hamda 27 vattgacha boʻlgan teskari quvvatlash funksiyasini qoʻllab-quvvatlaydi, bu esa boshqa gadjetlarni ham quvvatlantirish imkonini beradi.Model 6,83 dyuymli OLED displey bilan jihozlangan boʻlib, ekran 1,5K oʻlchamni va 120 Hz kadrlar chastotasini namoyish etadi. Asosiy kamerada 50 va 8 megapikselli sensorlar oʻrnatilgan boʻlsa, old kamera aniqligi 32 megapikselni tashkil etadi.
Himoya va uzoq muddatli qoʻllab-quvvatlash
Ishlab chiqaruvchi mazkur qurilma xavfsizligi va barqarorligiga alohida eʼtibor qaratgan. Xususan, korpus chang va namlikdan toʻliq himoya qiluvchi IP68 standartiga ega. Shuningdek, Xiaomi ushbu smartfon uchun olti yil davomida xavfsizlik yangilanishlarini chiqarishni vaʼda qilmoqda.Yaponiyadagi dastlabki aksiya doirasida Redmi Note 17 Pro Max modeli 69 980 iyen (taxminan 440 dollar) narxida sotilmoqda. Mazkur maxsus taklif joriy yilning 14 oktyabriga qadar amal qilishi koʻrsatib oʻtilgan.
Arzonroq Redmi 17 4G modeli
Taqdimot doirasida Xiaomi bir vaqtning oʻzida Redmi 17 4G arzonroq smartfonini ham namoyish etdi. Ushbu qurilma MediaTek Helio G91 Ultra protsessori, 7500 mA·ch akkumulyator va 45 vattli quvvatlash bloki bilan taʼminlangan.Ushbu model 6,9 dyuymli HD+ va 120 Hz chastotali ekran, 50 megapikselli asosiy hamda 8 megapikselli old kameraga ega. Operativ va doimiy xotirasi 4/128 GB boʻlgan versiyaning narxi 29 980 iyen (taxminan 190 dollar) etib belgilangan.





























Izohlar 0
…