Dunyoda 29 dona: iPhone Duo uchun 100 000 dollarlik eng hashamatli dizayn namoyish qilindi

Dunyoda 29 dona: iPhone Duo uchun 100 000 dollarlik eng hashamatli dizayn namoyish qilindi
QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
  • Caviar brendi narxi 100 000 dollargacha yetadigan, sof oltin, emal va brilliantlar bilan bezatilgan «World Treasures» nomli eksklyuziv smartfonlar kolleksiyasini taqdim etdi.
  • To‘plamdan o‘rin olgan Qasr Al Noor, Omkara, Dali va Jingtai Blue modellari dunyo bo‘ylab jami 29 dona miqdorida cheklangan adadda ishlab chiqarildi.
  • Har bir qurilma zargarlik san’ati durdonasi sifatida yaratilgan bo‘lib, xaridorlarga 12 oylik rasmiy kafolat bilan taqdim etiladi.

Hashamatli smartfonlar va noyob aksessuarlar yaratish bilan tanilgan mashhur Caviar brendi yana bir shov-shuvli premera bilan chiqdi. Kompaniya yaqinda namoyish etilgan buklamali iPhone Duo qurilmasi negizida yaratilgan va narxi qariyb 100 000 dollargacha ($90 000+) yetadigan eksklyuziv «World Treasures» («Dunyo xazinalari») nomli yangi kolleksiyasini rasman e’lon qildi.

Ushbu noyob to‘plamda smartfonning oddiy zavodiy korpusi butunlay olib tashlanib, uning o‘rni haqiqiy zargarlik san’ati durdonalari bo‘lmish sof oltin, noyob emal hamda tabiiy brilliantlar bilan to‘ldirilgan.

To‘rtta madaniyat — to‘rtta shohona durdona

«World Treasures» seriyasi turli xalqlarning boy tarixi va san’atini o‘zida mujassam etgan 4 ta asosiy modeldan iborat:

  • Qasr Al Noor («Nur saroyi»): To‘plamning eng qimmatbaho va yuqori cho‘qqisi bo‘lib, Sharqning nafis me’morchiligi hamda arab madaniyatining hashamatini aks ettiradi;

  • Omkara: Hind falsafasi va madaniyatiga bag‘ishlangan model. Korpusning markaziy qismidan lotus guli bilan uyg‘unlashgan muqaddas «Om» ramzi joy olgan. Smartfon korpusi maxsus zargarlik emali va 36 ta tabiiy brilliant bilan bezatilgan;

  • Dali: Buyuk syurrealist rassom Salvador Dali ijodidan ilhomlanib yaratilgan. Orqa panel hajmli oltin relef bilan ishlangan bo‘lib, orqadagi Apple logotipining o‘ziga 36 ta brilliant ustalar tomonidan qo‘l mehnati yordamida alohida terib chiqilgan;

  • Jingtai Blue: Xitoyning qadimiy to‘siqli emal («kluazone») nafosatiga asoslangan san’at asari. Unda chuqur to‘q ko‘k ranglar, nozik gulli milliy naqshlar hamda zarhal oltin elementlar mukammal uyg‘unlik hosil qilgan.

Cheklangan adad va 12 oylik rasmiy kafolat

Ushbu qurilmalar ommaviy ishlab chiqarish uchun emas, balki dunyoning sanoqli kolleksionerlari uchun mo‘ljallangan:

  • Mutlaq eksklyuzivlik: Kolleksiya dunyo bo‘ylab juda kam nusxada chiqarildi — Qasr Al Noor, Omkara va Dali modellaridan atigi 7 donadan, Jingtai Blue modelidan esa bor-yog‘i 8 dona tayyorlangan;

  • Muhandislik tekshiruvi: Smartfonlarni xaridorga yuborishdan oldin Caviar muhandislari buklamali ekran mexanizmini maxsus stress-sinovlardan o‘tkazadi va har bir qurilmaga 12 oylik rasmiy kafolat taqdim etiladi.

Shu tariqa, yangi buklamali texnologik yechim nafaqat funksional gadjet, balki narxi yuz ming dollar atrofida baholanadigan investitsion zargarlik buyumiga aylantirildi.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar