22:59 / 25.12.2019
6 687

Xalqni sog‘in sigir deb o‘ylamanglar! IMEI-kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish tizimi to‘g‘risida

Xalqni sog‘in sigir deb o‘ylamanglar! IMEI-kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish tizimi to‘g‘risida
Ayrim islohotlarni ko‘rib, maqsad foyda keltirish emas, balki xalqni sog‘in sigirdek sog‘ishmikin, deb o‘ylanib qoladi odam.
Masalan, telefonlarning IMEI-kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish tizimidan balki ezgu maqsadlar ko‘zlangandir, ammo uni amalga oshirish tartibi xalqni qiynashdan nariga o‘tmadi.

Birinchidan, barcha mobil qurilmalarni avtomatik ro‘yxatdan o‘tkazish uchun juda qisqa vaqt berildi. Garchi hammayoqda 1 apreldan 1 noyabrgacha deyilgan bo‘lsa-da, lekin aslida IMEI-kodlarni ro‘yxatga olish tartibini Vazirlar Mahkamasi 17 sentabrda tasdiqladi. Ya’ni 1 noyabr degan muddat xalqqa salkam oktabrda ma’lum bo‘ldi. OAVlarda asosiy targ‘ibotlar ham oktabrdan boshlandi.

Bu degani, xalqqa ishlatilmayotgan telefoni yoki ikkinchi sim-kartasini avtomatik ro‘yxatdan o‘tkazish uchun taxminan 1 oy vaqt berildi. Bu noinsoflik!!!

Ikkinchidan, 1 noyabrdan ariza orqali ro‘yxatdan o‘tishda juda ko‘plab muammolar paydo bo‘lmoqda. Ayniqsa, 2 ta sim-kartali telefon ishlatadigan juda ko‘pchilik yangiliklardan kech xabar topganining evaziga (tayinli targ‘ibot ham qilishmadi) hozir boshi qotgan.
Sababi 1 noyabrdan keyin ikkinchi slotni ro‘yxatdan o‘tkazib bo‘lmayapti, garchi 1ta IMEI-kod bazada bo‘lsa ham, rad javobi kelmoqda. Ro‘yxatdan o‘tish uchun xorijga chiqib kelish kerak emish. «Hech bo‘lmasa Qozog‘istonga chiqib keling, keyin ro‘yxatdan o‘tkazamiz», deyishmoqda.

Bu nima ahmoqgarchilik??? Nega bu haqida avval ogohlantirishmagan?

Uchinchidan, ro‘yxatdan o‘tkazish rad etilayotganiga sabab — bojxonani chetlab o‘tib, yashirin yo‘llar bilan olib kirilgani bo‘lsa, unda nega buning jabrini xalq tortishi kerak? Chegarachilar, bojxonachilar yoki yashirin yo‘llarga sharoit yaratib bergan korrupsionerlarga hech narsa bo‘lmasdan, yana oddiy xalq sarson bo‘lishi kerakmi?
Axir o‘sha telefonlarni peshona teri bilan topgan pullariga rasmiy ishlab turgan do‘konlardan sotib olishgan-ku. Nega shuncha payt do‘konlarda noqonuniy telefonlarni sotishga yo‘l qo‘yganlar jazolanmasdan, jabrdiyda xalq tovon to‘lashi kerak? Nima uchun??? Nima uchun???

To‘rtinchidan, xo‘p, bo‘lar ish bo‘ldi, deylik. Endi nima qilish kerak? Muammoni yechish uchun biror qonuniy yechim bormi? Minglab fuqarolar ro‘yxatdan o‘tkazish uchun xorijga chiqib kela olmaydi baribir. Xalqqa bezbetlarcha «chetga chiqib keling, yo‘qsa iloji yo‘q» demasdan biror yechim bermaysizlarmi?

Beshinchidan, bilamizki, 1 dekabrdan ro‘yxatdan o‘tkazish pullik bo‘ladi. Mayli, tekin bo‘lsin demayman, ammo nega narx bunchalik qimmat? Biror asosi bormi? Shunchaki 1ta kodni tarmoqqa kiritib qo‘yish uchun 44 ming 600 so‘m olishga uyalmaysizlarmi?
Boz ustiga, agar telefon 2ta sim-kartali bo‘lsa, unda har biri uchun alohida to‘lov qilinadi, demak, 89 ming so‘m bo‘lyapti. 30 kundan o‘tib ro‘yxatga olinsa, 110 ming so‘m bo‘ladi. Nega 10 ming so‘m emas, nega 20 ming so‘m emas? Xalqni juda boooooooy deb o‘ylaysizlar shekilli?

Pullari oshib-toshib ketyapti, qayerga qo‘yishni bilmayapti, deya tasavvur qilasizlarmi?
Xalq to‘layotgan soliqlar qayoqqa ketyapti unda? Bu tizimdan maqsad xalqqa foyda bo‘lish deyishmoqda, axir foydali tizimlar ishlab chiqish davlatning majburiyati emasmi? Bizning soliqlarni shuning uchun olyapsizlarku. Xalqqa ikki marta soliq solish (va qimmat soliq) insofsizlik axir!

Xalq sog‘in sigir emas, shuni unutib qo‘ymaylik, iltimooooos...
Noyabr oyi deyarli tugadi. Ammo soha mutasaddilari yuzaga kelgan muammolarni yechish uchun zig‘ircha harakat qilmadi, xalqqa tushuntirish bermadi, targ‘ibot olib bormadi. «Nega rad qilinganini bilmadim, bu muammo seniki, menga nima» degan prinsipda ish olib borildi. 1 kun o‘tib esa, ro‘yxatga olish pullik bo‘ladi. Xalq yana pul to‘lashni boshlaydi...

To‘layveradi, to‘layveradi, to‘layveradi...
Saylov bilan bo‘lib hamma IMEI kodlar muammosini unutdi shekilli. Vaholanki, puxta o‘ylanmagan va mantiqan asoslantirilmagan tizimning yaratilishi ortidan minglab fuqarolarimizning telefoni 1 yanvardan ishlamay qolishi mumkin. Tasavvur qilyapsizmi?

«Barcha tanqidlarga javob berilyapti» deyilganday bo‘lgandi shekilli. Ammo mana bu postga hali birorta rasmiy javob berilmadi. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining xo‘jako‘rsin uchun yozgan bayonotini (https://t.me/xushnudbek/3741) hisobga olmaganda, albatta. Ammo bu bayonot zig‘ircha qiymatga ega emas.
Boz ustiga, biz muammo ko‘lamini hisobga olib, shaxsan vazir ishtirokida matbuot anjumani talab qilgan edik. Ammo bu ham bo‘lmadi. Vazir janoblarining xalq uchun ajratadigan qimmatli vaqti yo‘qmi yoki?
Kim bo‘lsa ham mundoq tushuntirib bersin, ikkita sim-kartali telefonining 2 ta kodini shundoq bazaga kiritib qo‘yish uchun xalq nimaga 100 ming so‘m pul to‘lashi kerak? Nimaga?..

Xushnudbek Xudoyberdiyev

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Texno » Xalqni sog‘in sigir deb o‘ylamanglar! IMEI-kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish tizimi to‘g‘risida