07:58 / 22 февраля 2020
1 819

Oxirgi uch oyda IMEI kodlarni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun qancha mablag‘ olingani ma’lum bo‘ldi

Oxirgi uch oyda IMEI kodlarni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun qancha mablag‘ olingani ma’lum bo‘ldi
Avvalroq 2019 yilning 1 dekabridan telefonlarning IMEI kodini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun 44 600 so‘mdan to‘lovlar olina boshlangani xabar berilgan edi.

1 dekabrdan to hozirgi kungacha ro‘yxatdan o‘tkazish uchun G‘aznachilikning maxsus fondiga 25,3 milliard so‘m pul tushumi tushgan. Bu haqda Qonunchilik palatasi deputati Shuhrat Sharafuddinov ma’lum qildi.

Ushbu pul mablag‘lari qishloqlar va chekka hududlar, sayyohlik va dam olish zonalarida telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish loyihalarini amalga oshirish uchun sarflandi. Ularning mablag‘lari hisobiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida o‘qitish bo‘yicha o‘quv markazlarini ochish rejalashtirilmoqda.

Hozirgi kunga qadar 566 772 dona mobil qurilmalar IMEI kodlari ro‘yxatdan o‘tkazilgan.

Avvalroq bir guruh fuqarolar tomonidan jamoaviy murojaatlar portal meningfikrim.uz ga IMEI kodini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun to‘lovlarni bekor qilishni taklif qilganligi xabar qilingan edi. Taklif 3 soatda 10 mingta ovoz to‘plagan.

21 fevral kuni ushbu jamoaviy murojaat yuzasidan Qonunchilik palatasida brifing o‘tkazildi.
Unda qayd etilganidek, parlament quyi palatasining Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi tomonidan “Mobil qurilmalarni yagona xalqaro identifikatsiya IMEI kodlari bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish tizimini takomillashtirish” masalasini o‘rganish boshlandi.

Mazkur o‘rganish Oliy Majlisning «MeningFikrim.uz» yagona jamoatchilik tashabbuslari veb-portali orqali kelib tushgan IMEI identifikatsiya kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun to‘lovni bekor qilish haqida jamoaviy murojaat bo‘yicha qarorini tayyorlash doirasida o‘tkazilmoqda.

Brifingda masalani o‘rganish uchun parlamentning tegishli qo‘mitasi tomonidan deputatlar bilan birgalikda IT-biznesi, ilmiy va ekspert doiralari vakillari kirgan ishchi guruh tuzilgani ma’lum qilindi. Ta’kidlanganidek, o‘rganilayotgan masala yuzasidan qo‘mitaning ishi natijasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi yalpi majlisida ko‘rib chiqiladigan maxsus ma’ruza bo‘lishi kerak.

Qo‘mita tomonidan mazkur ma’ruzani tayyorlash doirasida quyidagi turdagi ishlarni amalga oshirish rejalashtirilmoqda:
- mobil qurilmalarni yagona xalqaro identifikatsiya IMEI kodlari bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish milliy tizimi faoliyati bilan bog‘liq statistik va moliyaviy ma’lumotlarni yig‘ish va tahlil qilish;
- mobil qurilmalar kodini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun tushadigan mablag‘lar hajmi va olingan mablag‘larni aniqlash hamda ularni maqsadli sarflash mexanizmlarini o‘rganish;
- bojxona statistikasi ma’lumotlari asosida mobil aloqa texnikalari importi dinamikasi tahlili;
- import qiluvchilar va fuqarolar tomonidan IMEI kodlarni ro‘yxatdan o‘tkazish amaliyotini o‘rganish, ushbu faoliyatda muammolar ehtimolini aniqlash;
- mobil qurilmalarni davlat tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazish tizimini tashkil etish va faoliyat yuritishi xalqaro tajribasining qiyosiy-taqqoslama tahlilini o‘tkazish;
- foydalanuvchilar o‘rtasida ijtimoiy so‘rovnoma o‘tkazish;
- joriy qilingan mobil qurilmalar kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish tizimining tartibi, maqsad va vazifalarini aholiga yetkazish bo‘yicha axborot-tushuntirish ishlarining o‘tkazilishi samaradorligini o‘rganish va boshqalar.

O‘rganilgan ishlar asosida qo‘mita mobil qurilmalarni yagona xalqaro identifikatsiya IMEI kodlari bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish uchun to‘lovni bekor qilish/qoldirishning maqsadga muvofiqligi, shuningdek, ushbu sohada faoliyatni takomillashtirish bo‘yicha ma’ruzada o‘z fikrini bayon qiladi va ushbu fikrni Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga ko‘rib chiqish uchun taqdim etadi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)