17:53 / 05.10.2021
1 833

Facebook ijtimoiy tarmoqda kuzatilgan global nosozliklar sababini ma’lum qildi

Facebook ijtimoiy tarmoqda kuzatilgan global nosozliklar sababini ma’lum qildi
Foto: Getty Images
Facebook ijtimoiy tarmoqlarida bir necha soat davom etgan global uzilishlarga magistral routerlar konfiguratsiyasining xato o‘zgartirilishi sabab bo‘lgan. Nosozliklar oqibatida foydalanuvchilarning ma’lumotlariga zarar yetmagan deya ma’lum qilindi Facebook Engineering veb-saytida.

«Muhandislarimizning aniqlashicha, ma’lumotlar markazlari o‘rtasida tarmoq trafigini muvofiqlashtiruvchi magistral routerlar konfiguratsiyasining o‘zgartirilishi aloqa uzilishiga sabab bo‘lgan muammolarni keltirib chiqargan. Tarmoq trafigining buzilishi ma’lumotlar markazlarimizning aloqa yo‘llariga birin-ketin ta’sir ko‘rsatgan, natijada xizmatlarimiz to‘xtab qolgan»,— deyiladi xabarda.

Kompaniya, shuningdek, uzilishlarning asosiy sababi kundalik operatsiyalarda foydalaniladigan ko‘plab ichki uskunalar va tizimlarga ham ta’sir qilganini, bu esa kompaniya mutaxassislariga muammoni tezda aniqlash va tuzatishni qiyinlashtirayotganini ta’kidladi.

Facebook asoschisi Mark Sukerberg ijtimoiy tarmoq va uning servislari ishidagi uzilishlar uchun foydalanuvchilardan uzr so‘radi. «Facebook, Instagram, WhatsApp va Messenger yana onlayn rejimga qaytdi. Men bugungi uzilishlar uchun uzr so‘rayman, yaqinlaringiz bilan aloqada qolish uchun bizning xizmatlarimizga qanchalik ishonganingizni bilaman», — deb yozadi Sukerberg.

Facebook’ning texnik ishlar bo‘yicha direktori Mayk Shrepfer ham uzr so‘radi. U «100 foizgacha» tiklanish «biroz vaqt» olishi mumkinligi haqida ogohlantirdi.

4 oktabr kuni butun dunyoda Facebook hamda unga tegishli Instagram va WhatsApp ijtimoiy tarmoqlari 6 soatdan ko‘proq vaqt ishlamay qoldi. The New York Times ma’lumotlariga ko‘ra, Facebook’da kompaniya xodimlari o‘zaro muloqot qiladigan ichki servislardan foydalanishning ham imkoni bo‘lmagan; kompaniya xodimlari ofis binolariga kirolmay qolgan, chunki eshiklar parolini ochadigan ruxsatnomalar ham ishlamagan. 5 oktabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 3:00 da kompaniyalar asta-sekin ba’zi funksiyalar tiklanayotganini e’lon qildi.

Facebook ishlamay qolgandan so‘ng, foydalanuvchilar boshqa yirik servislarning yomon ishlayotganidan shikoyat qila boshlagan. Xususan, Twitter, Google, YouTube, Telegram, TikTok, VKontakte’ga kirish qiyinlashgan; shuningdek, ba’zi foydalanuvchilar internet ishlashi sekinlashgani haqida shikoyat qilgan. Bu muammolar global xususiyatga ega bo‘lmagan, ular asosan, Facebook’ka kirish imkoni yo‘qolgani tufayli boshqa messenjer va servislarga o‘tayotgan foydalanuvchilar sonining keskin ko‘payishi bilan bog‘liq bo‘lgan.

Uzilishlar tufayli Facebook aksiyalari 5 foizdan ko‘proqqa arzonlashdi. Kompaniya asoschisi Mark Sukerberg Forbes ma’lumotlariga ko‘ra, real vaqtda taxminan 6 milliard dollar yo‘qotdi va dunyoning eng boy odamlari ro‘yxatida beshinchi o‘rindan oltinchi o‘ringa tushib ketdi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Texno » Facebook ijtimoiy tarmoqda kuzatilgan global nosozliklar sababini ma’lum qildi