09:30 / 14.11.2023
164

Ushbu 4 turdagi dori vositalari tishingizga jiddiy zarar yetkazadi

Foto: Lisa

Kuz — shamollash, tumov, yo‘tal va shu kabi yoqimsiz muammolar mavsumi. Shuning uchun ham salqin kunlar boshlanishi bilan ushbu kasalliklarga qarshi kurashishga yordam beradigan dori-darmonlarni tayyorlab qo‘yish zarar qilmaydi. Ammo biz uchun odatiy bo‘lgan va mavsumiy kasalliklar vaqtida ko‘p qo‘llanadigan dorilarning hammasi ham siz o‘ylagandek xavfsiz emas.

Ular organizmning qolgan aʼzolariga, jumladan, og‘iz bo‘shlig‘i salomatligiga jiddiy ziyon yetkazishi mumkin.

1. Shamollashda yordam beruvchi vositalar — yo‘talga qarshi so‘riladigan tabletkalar va limon

Biz shamollash boshlanishi bilan uning asosiy belgilari — burun bitishi, tumov, tomoqdagi og‘riq va yo‘talni yengillashtirishga harakat qilamiz. Ko‘pchilik tomoq og‘rig‘iga qarshi shirin taʼmga ega bo‘lgan so‘riladigan tabletkalardan foydalanadi. Bu turdagi dori vositalari tishlaringiz salomatligiga zarar yetkazishini istamasangiz, ularni xarid qilishda tarkibiga shakar qo‘shilmagan turini tanlang. Tarkibida katta miqdorda shakar saqlaydigan vosita og‘iz bo‘shlig‘ida kariyesning paydo bo‘lishi uchun qulay muhit yaratib beradi. Tabletka tarkibida ksilit bo‘lsa juda soz — u nafaqat tomoq og‘rig‘i, balki kariyesga ham qarshi taʼsir ko‘rsatadi.

Bemor tomonidan ko‘proq suyuqlik ichilsa, uning holati tez orada yengillashishi bor gap. Biroq suyuqlik sifatida malina murabbosi qo‘shilgan choy yoki asalli sut ichmagan maʼqul, ushbu ichimliklar tarkibidagi shakar oxir-oqibatda kariyesga olib keladi. Ko‘p hollarda bemorlar shamollashdan tezroq tuzalish maqsadida limon yoki rezavorlar sharbati qo‘shilgan choy ichishadi.

Biroq sitrus mevalar va rezavorlar tarkibidagi kislotalar tishlar emalini yemirib yuborishi ko‘pchilikning xayoliga ham kelmaydi. Shuning uchun limonli yoki rezavorlar qo‘shib tayyorlangan choyni ichgandan keyin og‘iz bo‘shlig‘ini yaxshilab chayish, oradan 20-30 daqiqa vaqt o‘tgandan keyin esa tishlarni yuvib tashlash tavsiya etiladi. Tanovuldan keyin shakarsiz saqich chaynash ham vaziyatni yaxshi tomonga o‘zgartiradi.

Kislota tish emaliga salbiy taʼsir ko‘rsatmasligi uchun nima qilish kerakligini bilasizmi? Buning uchun tanovuldan keyin tishlarni pasta, cho‘tka, maxsus ip va irrigatorlar yordamida tozalash kerak bo‘ladi. Ushbu holatda til gigiyenasi haqida ham unutib qo‘ymaslik muhim.

2. Burun uchun tomchilar og‘iz bo‘shlig‘ida quruqlikni keltirib chiqaradi

Shamollashda burun bitishini yengillashtirishga yordam beruvchi tomchi dori vositalari ko‘p hollarda halqum sohasidagi quruqlikka sabab bo‘ladi. Bu tomchi dorining tomirlarni toraytirish xususiyati bilan bog‘liq.

Biroq, nafas olishdagi kichik muammoning o‘zi ham og‘iz bo‘shlig‘ining qurib qolishiga olib kelishi mumkin. Natijada og‘iz bo‘shlig‘ida so‘lak yetarlicha ishlab chiqarilmaydi.

So‘lak bizga nima uchun kerakligini bilasizmi? Birinchidan, uning tarkibida mikroblarga qarshi kurashuvchi ko‘plab moddalar, ikkinchidan, tishlar remineralizatsiyasini taʼminlovchi va emalni mustahkamlashga yordam beradigan minerallar mavjud.

Og‘iz bo‘shlig‘idagi quruqlikni bartaraf etish uchun tomchi dorini qo‘llashda qatʼiy qoidalarga amal qilish shart — ularni sutka davomida 2-3 marotaba, o‘ta og‘ir kechayotgan 2-3 kun uchun ishlatsangiz kifoya. Belgilar yengillashgandan keyin esa tumovga qarshi dorixonalarda sotiladigan tuzli eritmalarning o‘zi bilan kurashgan maʼqul. Xonadagi havo namligini 50 foiz taʼminlab beradigan namlantirgich va kun davomida yetarlicha suyuqlik ichish ham vaziyatni yaxshi tomonga o‘zgartiradi. Agar kichik yoshdagi bola adenoid tufayli burnidan emas, og‘zidan nafas olayotgan bo‘lsa, ushbu muammoning yechimini LOR aʼzolari shifokori bilan birgalikda topish zarur.

3. Og‘iz bo‘shlig‘i immunitetini mustahkamlash mumkinmi?

Foto: Lisa

Afsuski, immunitetni faqatgina sog‘lom turmush tarzi hamda vaksinalar yordamidagina mustahkamlash mumkinligi ilmiy tomondan isbotlab bo‘lingan. Shuning uchun immunitetni mustahkamlashi vaʼda qilinadigan turli-tuman preparatlarni qabul qilishdan hech qanday foyda yo‘q ekanligini yodda tuting. Og‘iz bo‘shlig‘i immunitetini mustahkamlash uchun esa gigiyenaga amal qilish, tishlarni doimiy ravishda cho‘tka, maxsus iplar va sifatli pasta bilan kuniga kamida 2 marta tozalash kerak. Taomnomaning tabiiy mahsulotlardan iborat bo‘lishini nazorat qilish, shirinliklar, kislotali mahsulotlar, shirin ichimliklar isteʼmolini kamaytirish zarur. Bundan tashqari, tishlaringizni yilda bir marta stomatolog yordamida tozalash ham maqsadga muvofiq bo‘ladi.

4. Og‘iz bo‘shlig‘i salomatligiga zarar keltiruvchi dori vositalari

Foto: Lisa

Taʼkidlash kerakki, og‘iz bo‘shlig‘i salomatligiga salbiy taʼsir ko‘rsatadigan boshqa turdagi preparatlar ham mavjud. Tetrasiklin antibiotiklari aynan mana shunday dori vositalari sirasiga kiradi. Agar bu turdagi antibiotiklarni homilador ayol qabul qiladigan bo‘lsa, homila tishlarining shaklida buzilishlar kuzatilishi mumkin. Bunday tish tuzilishiga fanda “tetrasiklin tishlari” deb nom ham berilgan. “Tetrasiklin tishlari”ning shakli juda xunuk bo‘ladi, shuning uchun ham homiladorlik davrida antibiotiklarni shifokor nazoratisiz qabul qilish mutlaqo taqiqlanadi.

Bundan tashqari, tishlar holatiga salbiy taʼsir ko‘rsatadigan kimyoterapiya preparatlari ham mavjud. Osteoporozni davolash uchun mo‘ljallangan preparatlar – bifosfonatlarni qabul qilish vaqtida esa tishlar implantatsiyasini amalga oshirish mumkin emas, aks holda suyak to‘qimalariga taʼsir ko‘rsatuvchi og‘ir asoratlarning oldini olib bo‘lmay qoladi.

Bunday holatlarda qanday yo‘l tutish kerak?

Aslida har qanday dori vositasining organizmga foydasi bilan bir qatorda zarari ham bor. Davolovchi shifokor siz qabul qilayotgan preparatning tishlar va og‘iz bo‘shlig‘i salomatligiga zarari bor ekanligini aytgan holatda ushbu muammoning oldini olishga yordam beradigan boshqa dori vositalarini ham buyurishi mumkin.

Kimyo terapiyasi hayot uchun muhim muolaja bo‘lgani va ko‘p hollarda bemorning hayotini saqlab qolish aynan unga bog‘liqligi sabab ushbu amaliyotdan voz kechib bo‘lmaydi. Bunday holatlarda stomatolog tomonidan profilaktik ko‘rik amalga oshiriladi, kariyes, milk kasalliklari uning nazorati ostida davolanadi.

Har safar kimyoterapiya amaliyotidan keyin jiddiy oqibatlarning oldini olish uchun tish shifokoriga borish tavsiya etiladi.

Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, agar davolovchi shifokoringiz siz qabul qilayotgan dori vositasining og‘iz bo‘shlig‘i salomatligiga zarar keltirishi mumkinligini aytsa, tishlarni amaliyotlar boshlanguniga qadar davolatish va ularning holatini doimiy ravishda tekshirtirib turish kerak bo‘ladi. Agar bemor dori vositasini uzluksiz qabul qilsa, bu haqida tish shifokoriga aytishi, shifokor davolash muolajalarini o‘tkazish va ularni rejalashtirishda ushbu omilni hisobga olishi zarur.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Salomatlik » Ushbu 4 turdagi dori vositalari tishingizga jiddiy zarar yetkazadi