
Og‘izda to‘satdan paydo bo‘lgan og‘riqli yaralar, oq dog‘lar yoki shishlar sizni bezovta qilayaptimi? Bu — stomatit bo‘lishi mumkin. Aksariyat hollarda stomatit oddiy og‘riq bilan boshlanadi, ammo vaqtida davolanmasa, ovqatlanish, gapirish va hatto suv ichish ham mushkulga aylanishi mumkin. Keling, stomatitning paydo bo‘lish sabablari va uni uy sharoitida qanday bartaraf etish mumkinligini ko‘rib chiqamiz.
Stomatit nima o‘zi?
Stomatit — bu og‘iz shilliq qavatining yallig‘lanishi bo‘lib, u til, ichki lab, yonoq va milkda oq yoki qizil yarachalar, dog‘lar, hatto qattiq shishlar ko‘rinishida namoyon bo‘ladi. Og‘riq, achishish va noqulaylik — asosiy belgilaridan.
Paydo bo‘lish sabablari:
1. Immunitet pasayishi — tananing mudofaa tizimi zaiflashganda og‘izdagi bakteriyalar faol bo‘lib qoladi.
2. Tish gigiyenasining sustligi — tish yuvmaslik, yaroqsiz cho‘tkalar stomatitni chaqiradi.
3. Stress va uyqusizlik — ruhiy holat ham og‘iz salomatligiga ta’sir qiladi.
4. Vitaminlar yetishmovchiligi — ayniqsa, B12, temir va foliy kislotasi yetishmaganda tez-tez uchraydi.
5. Allergik reaksiya — tish pastasi yoki ovqatlardagi moddalar ham stomatit qo‘zg‘atishi mumkin.
6. Virus va bakteriyalar — ayniqsa, gerpes virusi stomatitning eng keng tarqalgan sabablaridan.
Uy sharoitida davolash usullari:
1. Tuzli suv bilan chayish:
1 stakan iliq suvga 1 choy qoshiq tuz solib, og‘izni kuniga 3-4 marta chaying. Tuz bakteriyalarni yo‘qotadi va yallig‘lanishni kamaytiradi.
2. Romashka va yalpiz damlamasi:
Romashka yallig‘lanishga qarshi, yalpiz esa tinchlantiruvchi xususiyatga ega. Ikkalasini aralashtirib damlab, chayish mumkin.
3. Muz parchalari:
Yarani biroz sovitish og‘riqni yengillashtiradi.
4. Sarimsoq pastasi:
Mayda qilib ezilgan sarimsoq antibakterial xususiyatga ega. Uni bevosita yara ustiga surtish mumkin, ammo juda ko‘p ishlatishdan saqlaning — kuydirishi mumkin!
5. Kukunli soda bilan chayish:
1 choy qoshiq sodani iliq suvga solib, kuniga bir necha bor og‘izni chaying.
6. Asal surtish:
Asal tabiiy antiseptik vosita bo‘lib, yara bitishini tezlashtiradi. Yaraga oz miqdorda surting.
Qachon shifokorga murojaat qilish kerak?
- Yara 10 kundan ortiq vaqt davomida bitmasa
- Og‘izda doimiy qonash, yuqori isitma bo‘lsa
- Yara kattalashib borayotgan bo‘lsa — darhol mutaxassisga murojaat qiling!
Oldini olish bo‘yicha maslahatlar:
- Har kuni tishni to‘g‘ri va ikki mahal yuvish.
- Meva-sabzavot, B vitaminlari va temirga boy ovqatlar iste’mol qilish.
- Stressdan uzoqroq yurish, sifatli uyqu.
- Har 6 oyda stomatolog ko‘rigidan o‘tish. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar