
Har bir inson hayotida bir marotaba bo‘lsa-da, shirin taomlarga bo‘lgan qattiq havasni boshidan kechirgan. Shakar va undan tayyorlangan mahsulotlar ko‘pchilik uchun hayotning ajralmas bir qismiga aylangan. Biroq, ayrim mutaxassislar shakarni chekish yoki spirtli ichimliklar kabi zararli odatlar qatoriga qo‘shishni tavsiya qiladi. Chunki, doimiy va me’yordan ortiq shakar iste’moli nafaqat vazn ortishiga, balki yurak-qon tomir tizimi, qandli diabet va boshqa og‘ir kasalliklar xavfiga ham sabab bo‘ladi.
Tananing qarishiga sabab bo‘ladigan asosiy omillardan biri ham aynan shakar ekani olimlar tomonidan bir necha bor isbotlangan. Og‘izga shirinlik solgan inson yuzida erta ajinlar paydo bo‘lishi, sochlarining tez oqarishi va umumiy tashqi ko‘rinishning yomonlashishi shu bilan bog‘liq. Shuningdek, inson organizmiga kirgan turli parazitlar, bakteriya va zamburug‘lar asosan shakar orqali oziqlanadi. Ular faollashganda, immun tizimi zaiflashadi va xilma-xil kasalliklar rivojlanish xavfi oshadi.
Bir qarashda shirinlikka bo‘lgan talab inson xarakteridagi oddiy bir jihatdek ko‘rinishi mumkin. Ammo, aslida bu holat ko‘pincha organizmdagi yo ruhiy holatdagi muammolarning yashirin belgisi bo‘lib chiqadi. Masalan, shirinlikka qattiq qiziqish qondagi shakar miqdorining notinch bo‘lishi bilan bog‘liq. Odatda, muntazam nonushta qilmaslik yoki tushlikni o‘tkazib yuborish, nosog‘lom va tez hazm bo‘ladigan uglevodlarni haddan tashqari iste’mol qilish natijasida organizmda glyukoza darajasi keskin tushib ketadi. Bu holatda tanamiz energiyani tez tiklash uchun yoqilg‘i talab qiladi va eng tez manba — shirinliklarga murojaat qiladi.
Shuningdek, ba’zan shirin taomlarga bo‘lgan kuchli ishtiyoq organizmdagi aniq moddalar tanqisligidan darak beradi. Masalan, magniy, xrom, rux yoki V guruhi vitaminlarining yetishmovchiligi shokolad, pishiriq yoki konfetlarga haddan tashqari talabni kuchaytiradi. Xususan, inson charchoq, stress yoki ruhiy zo‘riqishni boshidan kechirayotganda bu ehtiyoj yanada kuchayadi.
Shirinlikka ishtiyoq paydo bo‘lishining yana bir sababi — ruhiy holatimiz bilan bog‘liq. Shirin mahsulotlar iste’moli miyada “baxt gormonlari” — dofamin va serotonin ishlab chiqarilishini rag‘batlantiradi. Shuning uchun ham inson o‘zini yolg‘iz, xafa yoki tushkun his qilganda, miya shirinlikni kayfiyatni ko‘taruvchi eng tez vosita deb qabul qiladi. Ko‘p o‘tmay, bu jarayon ongli emas, balki avtomatik odatga aylanib qoladi.
To‘g‘ri uyqu tartibining yo‘qligi ham shirinlikka bo‘lgan muhabbatni kuchaytiradi. Yetarlicha uxlamaslik organizmda charchoqni kuchaytirib, energiya manbasi sifatida tez hazm bo‘ladigan, ya’ni shirin taomlarni tanlashga majbur qiladi. Biroq bu vaqtinchalik foyda bo‘lib, tananing to‘liq tiklanishiga yordam bermaydi.
Qizig‘i, ayrim insonlarda shirinlikka bo‘lgan qaramlik turli diyetalar va cheklovlarning oqibatida ham paydo bo‘ladi. Agar siz uzoq vaqt davomida uglevodlardan to‘liq voz kechsangiz yoki o‘zingizni qattiq cheklasangiz, organizm bu o‘zgarishlarga qarshi chiqib, shirinlikka bo‘lgan talabni yanada oshiradi.
Shirinlikka bo‘lgan qaramlikni kamaytirishning eng to‘g‘ri yo‘li — ovqatlanish tartibini muvozanatlash va shaxsiy ehtiyojlarga e’tiborli bo‘lishdir. Shakarni to‘liq rad etish shart emas, asosiysi — sog‘lom va to‘yimli nonushta qilish, ratsionga tabiiy shirinliklar (meva, quruq mevalar) qo‘shish, uyqu tartibini yo‘lga qo‘yish va stressni boshqarishni o‘rganishdir. Odam o‘z tanasining haqiqiy ehtiyojlariga quloq tutsa, shirinliklar ustidan nazoratni qayta tiklash mumkin.
Shunday qilib, shirinlikka qaramlik oddiy bir zavq yoki tasodifiy odat emas, balki tanamiz va ruhiyatimizning aniq signalidir. Bu signallarni to‘g‘ri talqin qilish va o‘z vaqtida chora ko‘rish nafaqat shirinlikdan xalos bo‘lishga, balki umumiy salomatlikni yaxshilashga yordam beradi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar