Poyezd kechiksa, yo‘lovchilarga kompensatsiya to‘lanadi

O‘zbekistonda poyezdlar harakati bilan bog‘liq yangi tartib joriy etilishi rejalashtirilmoqda. Unga ko‘ra, agar poyezd tashuvchi tashkilot aybi bilan belgilangan vaqtdan kechiksa, yo‘lovchilarga pul kompensatsiyasi to‘lab beriladi.
Mazkur tashabbus O‘zbekiston Respublikasi Raqobat qo‘mitasi tomonidan ilgari surilgan bo‘lib, yo‘lovchilar manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan. Yangi tizim xizmat sifatini oshirish va temiryo‘l transportiga bo‘lgan ishonchni mustahkamlashni ko‘zda tutadi.
Belgilanayotgan qoidalarga muvofiq, kechikish muddati asosida kompensatsiya miqdori quyidagicha bo‘ladi:
15–30 daqiqa kechikishda — chipta narxining 15 foizi,
31–60 daqiqa — 25 foizi,
61–120 daqiqa — 50 foizi,
121 daqiqadan ortiq kechikishda esa yo‘lovchiga to‘liq, ya’ni 100 foiz mablag‘ qaytariladi.
Avval bu tartib faqat “Afrosiyob” tezyurar poyezdlariga nisbatan amal qilgan edi. Endilikda esa ushbu qoida barcha mahalliy poyezdlarga, jumladan oddiy va tezyurar yo‘nalishlarga ham tatbiq etilishi rejalashtirilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!